Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi uchun yangi turdagi avtotransport vositalari ishlab chiqariladi
13:44 / 2026-01-11

Bu reja O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning “Anadolu Isuzu” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Yusuf Tug‘rul Arikan bilan uchrashuvi chog‘ida ma’lum qilindi.

Qishloq xo‘jaligi uchun yangi turdagi avtotransport vositalari bilan birga maxsus texnikalar ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, modellar turlari kengaytiriladi hamda ishlab chiqarish hajmi oshiriladi.

Suhbat davomida hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish jarayonlari hamda texnologiyalar transferi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan yil dekabr oyida investor tomonidan aksiyalarining 75,2 foizi sotib olingan Samarqand avtomobil zavodini bosqichma-bosqich rivojlantirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar ishlab chiqarish ichki bozor talabini ta’minlash bilan birga eksport yo‘nalishlarini kengaytirishga ham xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida avtomobil sanoati sohasida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirildi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA