O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari hamda agrotexnika tadbirlari holatining nazoratini samarali tashkil etish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga yuklatilgan.
Shuningdek mazkur qaror bilan “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
– Mazkur Nizom traktorlar, traktor tirkamalari, o‘ziyurar va qishloq xo‘jaligi mashinalari, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini belgilaydi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bosh inspektori Akbar Qoziyev. – bugungi kunda barcha tumanlarda 2 ming donadan ortiq chopiq traktori, 1 ming besh yuz donadan ortiq kultivator, minga yaqin chigit ekish seyalkasi, ikki yuzga yaqin g‘alla o‘rish kombayni va agrotexnik tadbirlarda foydalaniladigan boshqa zamonaviy agregatlar markazlashgan holda ustaxonalarga yig‘ilib, ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.
Barcha tumanlarda ta’mirlash ishlari to‘liq amalga oshirilgan qishloq xo‘jaligi texnikalarining sifatli ta’mirlanganligi maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganilishi va ularning qabul qilinishi “O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Bundan tashqari, mamlakatimizga xorijiy davlatlardan olib kelinayotgan ayrim qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarining respublikaning tuproq-iqlim sharoitlariga mos kelmasligi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda belgilangan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish vaqtida qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Shu sababli, ushbu texnikalar hamda ularning agregatlari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda samarali qo‘llash va ularning ishonchliligini tekshirish uchun tegishli sinovlarni o‘tkazish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA