Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida respublikada ilk marta eksperiment tariqasida qishloq xo‘jaligi texnikalari raqamlashtirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zagroinspeksiya” hamda viloyat hokimligi hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur tadbir qishloq xo‘jaligi texnikalarini real vaqt rejimida texnik holatini kuzatib borish va undan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yoqilg‘i sarfini kamaytirish, texnikalar yordamida bajariladigan agrotexnik tadbirlar sifatini oshirish hisobiga mahsulot tannarxini pasaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kungacha tumandagi “Polytex Sirdaryo” paxta-to‘qimachilik klasterining jami 103 dona qishloq xo‘jaligi texnikalariga GPRS-navigator moslamalari o‘rnatilib, raqamlashtirilgan tizim ishga tushdi. “O‘zagroinspeksiya” va “Politex Sirdaryo” paxta-to‘qimachilik klasterining mutaxassislari tomonidan tumandagi qishloq xo‘jaligi texnikalari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklari mas’ullariga texnikalarni raqamlashtirishning afzalliklari va uning imkoniyatlarini yanada yaqinroq tanishtirish maqsadida seminar-treninglar tashkil etildi. Tadbirda texnikalarga qo‘yiladigan GPRS-navigator moslamalarining ishlash jarayoni, texnikalarning yoqilg‘i sarfini kamaytirish, bajariladigan agrotexnik tadbirlar sifatini aniqlash yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri