French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishning samarali tizimi joriy qilinadi
11:52 / 2025-11-24

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish mexanizmini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishning samarali tizimini joriy etish orqali tabiiy va texnogen ofatlar, yong‘in, zararkunanda va kasalliklar ta’sirida o‘simlik hamda hayvonlarga yetkazilgan zararlar qoplab beriladi. 

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich 20 foizga oshiriladi va qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarning xavflari kamaytiriladi. 

Sug‘urtalash xarajatlarining (sug‘urta mukofoti) 50 foizini byudjet mablag‘lari hisobidan qoplash orqali 2030 yilga qadar qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash qamrovi 50 foizga yetkaziladi. 

Farmon bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi. 

Jamgarma:

a) Qonunda belgilangan vazifa va funksiyalarni hamda sug‘urtalovchi vazifasini litsenziyasiz amalga oshiradi; 

b) sug‘urta (qayta sug‘urta) faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlariga rioya qiladi (kalendar badal to‘lash majburiyati bundan mustasno). 

2026 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilari mahsulot yetishtirish uchun davlatning imtiyozli kreditlaridan foydalanganda ishlab chiqariladigan mahsulotning yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi) xavfini oldindan sug‘urta qilish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 

Klaster, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining imtiyozli kreditlar bo‘yicha qarzdorliklari qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha qoplanmaydi. 

2025 yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini rasmiylashtirish, sug‘urta mukofoti uchun byudjet subsidiyasini olish, sug‘urta tovonini olishga doir arizalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish jarayonlarini o‘z ichiga oladigan litsenziya talab va shartlariga muvofiq bo‘lgan Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimi ishlab chiqiladi va ishga tushiriladi. 

O‘zA