Prezident Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqot o‘tkazmoqda.
– Qishloq xo‘jaligi sohasini qo‘llab-quvvatlashga ajratilayotgan mablag‘larni yildan yilga oshirib boryapmiz. Bundan keyin ham sohaga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, topib berishga tayyorman. Lekin bu mablag‘lar o‘z vaqtida egasiga yetib borishi va hosildorlikni yanada oshirishga xizmat qilishi uchun ochiq va shaffof tizim bo‘lishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Qishloq xo‘jaligidagi subsidiyalar shu paytgacha 6 ta vazirlik tomonidan ajratilayotgan edi. Shu bois, barcha subsidiyalar bo‘yicha moliyaviy xizmatlarni bir joyda ko‘rsatadigan Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etildi.
Agentlik tomonidan kelasi yil dehqon va fermerlarga 2 trillion 200 milliard so‘mlik subsidiya beriladi. Bunda subsidiya ajratish jarayoni hozirgi 4 bosqichdan 2 bosqichga, uni olishga ketadigan vaqt esa 1 oydan 15 kunga qisqaradi. Eng muhimi, har bir subsidiya fermerlarga ma’qul bo‘ladigan shartlarda, ularga mablag‘ eng zarur paytda beriladigan tizimga o‘tiladi.
Keyingi yildan suv nasosiga sarflangan elektr energiyasi uchun subsidiyalar meva-sabzavot, moyli ekin, kartoshka va ozuqa ekinlari yetishtiruvchi fermerlarga ham ajratilishi e’lon qilindi.
O‘zA