Xitoy Xalq Respublikasining “OOO XINJIANG LIHUA GROUP” kompaniyasi vakillari Shofirkon tuman hokimi Alisher Fayzilloyev bilan uchrashdi. Muloqotda asosan, mahalliy iqlim sharoitiga mos paxta hosilini yetishtirish va qayta ishlashning murakkabliklari, bu jarayonda taklif qilinayotgan ish uslubi, agrotexnik tadbirlar muhokama qilindi.
Xitoyning “OOO XINJIANG LIHUA GROUP” kompaniyasi 2004 yilda tashkil etilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish bo‘yicha yirik korxonalardan biri. Kompaniya 2021 yilda Xitoyning eng yaxshi 100 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi orasida 75-o‘rinni egallagan.

Hamkorlar tomonidan hududning chekka 6000 gektardan 8000 gektargacha bo‘lgan yerlari o‘zlashtiriladi va paxta yetishtiriladi. Loyiha umumiy qiymati 150 million dollarga baholangan bo‘lib, xorijiy kredit liniyasi orqali moliyalashtiriladi.
Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilishi bilan suv va o‘g‘itlarni tejash, hosildorlikni oshirish hamda yer unumdorligini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu texnologiyani amalga oshirish uchun taxminan 4-5 million dollarga teng bo‘lgan zamonaviy uskunalar va texnikalar import qilinadi. Xususan, 5 ta katta va 10 ta kichik kombayn, 75 ta turli xil traktorlarning olib kelinishi ko‘zda tutilgan.

Muhimi, loyiha amalga oshirilgach, tuman agrar kompleksida 1750 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va bu nafaqa iqtisodiy o‘sishga, balki aholi bandligini oshirishga ham xizmat qiladi. Istiqbolli loyiha 2026 yilning uchinchi choragida to‘liq ishga tushirilishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.