Bugun qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, yerdan sifatli hosil olish uchun olimlarimiz tinmay izlanish olib boryapti. Afsuski, ko‘p hollarda ularning tadqiqotlari amaliyotga joriy etilmasdan, laboratoriya xonasida qolib ketyapti. Natijada fermerlar yurtimizdagi tayyor o‘g‘itlar turib, xorijdan qimmat narxga preparatlar sotib olishmoqda.
Xo‘sh, sohani rivojlantirishda olimlar hamda fermerlarning hamkorligi nechog‘li zarur? Fermer va olimlarning bir-biriga ishonchini oshirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor Abdurazzoq Mirzayev bilan sohadagi yangiliklar va mavjud muammolar, ularning yechimlari xususida suhbatlashdik.
— Navoiylik olimlar qanday izlanishlar ustida ish olib boryapti?
— Fanlar akademiyasi Navoiy viloyati bo‘limida 5 ta tarkibiy bo‘linma bo‘lib, biz fanning 17 xil yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib boramiz. Shulardan biri qishloq xo‘jaligida ekinlar hosildorligini oshirish, suv tejamkor texnologiyaga yo‘naltirilgan tadqiqotlardir.
Eng samarali tadqiqotlarimizdan biri bentonit gillaridan foydalangan holda ekinlar hosildorligini oshirishga yo‘naltirilgan tadqiqot.
— Bentonit gillari tarkibida o‘simlik uchun kerak bo‘ladigan qanday moddalar bor?
— Bentonit gillari tarkibida o‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘ladigan kremniy, kalsiy, magniy, kaliy kabi 20 xildan ortiq mikro va makroelementlar mavjud. Ular orasida o‘simlikka eng foydalisi kremniy. Tuproq tarkibida ham kremniy mavjud, lekin uni o‘simlik o‘zlashtira olmaydi. Bentonit gillari tarkibidagisi esa o‘simliklar tomonidan oson o‘zlashtiriladigan holatda bo‘ladi.
Bentonit gili havodagi suvni so‘rib olib, o‘zida ushlab turish xususiyati borligi uchun qishloq xo‘jaligida tuproq strukturasini yaxshilashda foydalanilib kelinmoqda. Bentonit gillari 200 dan ortiq sohalarda ishlatiladi, shu jumladan qishloq xo‘jaligi sohasida ham keng qo‘llaniladi. Biz bentonit gillari bilan paxta chigitini, bug‘doy va boshqa ekinlar urug‘larini qobiqlab ekish texnologiyasini yaratdik.

— Qobiqlash jarayoni qanday kechishi xususida tushuncha berib o‘tsangiz.
— Qobiqlash jarayoni turli ekin urug‘larida o‘ziga xos usulda olib boriladi. Masalan, tukli chigitni qobiqlashda bentonit gillari kukuni chigit ivitiladigan suv tarkibiga aralashtirilib qobiqlansa, tuksiz chigitni qobiqlashda esa avval chigit yuzasi suv bilan namlanib, chigitning nam yuzasiga bentonit gillari kukuni sepiladi va aralashtiriladi. Natijada nam yuzada bentonit gillari kukuni qobiq hosil qiladi. Bug‘doy doni ham xuddi tuksiz chigit kabi qobiqlanadi. Bunda bentonit gillari kukuni sarfi paxta chigitida chigit vazniga nisbatan 8-10 foizni, g‘alla ekinlari urug‘i vazniga nisbatan esa 4-5 foizni tashkil etadi.
Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘i bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekilganda bentonit gillari tuproqdagi suvni so‘rib olishi, ya’ni, sorbentlik xususiyati tufayli urug‘ning unib chiqishi uchun zarur bo‘lgan namlikka bo‘lgan ehtiyoj to‘liq ta’minlanib, “stress”siz unib chiqish imkoniyatini beradi. Chigit yuzidagi yupqa bentonitli qobiq sho‘rlangan yerlarda namlikni so‘rib olishi jarayonida tuproqdagi mavjud tuzlarning ma’lum qismini o‘zida ushlab qolishi ham tadqiqotlarimiz davomida o‘z isbotini topgan.
Qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda bentonit gillari kukunidan foydalanish bo‘yicha tajribalarimizni Surxondaryo, Namangan, Toshkent, Navoiy viloyatlarining paxta dalalarida o‘tkazdik. Natijada bentonit bilan qobiqlangan chigitlar odatdagi 7-8 kunda emas, balki 5-6 kun ichida unib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bentonit yordamida chigitning unib chiqishi tezlashishi hosildorlikni oshishiga juda katta imkon beradi. Ushbu texnologiyani respublikamizning 43 ta fermer xo‘jaligi paxta dalalarida sinab ko‘rdik, ularning har birida hosildorlik 5-6 sentnerga oshgani aniqlangan.
— Hosildorlikni oshirish uchun yana qanday tadqiqotlar amaliyotga joriy qilindi?
— Ikkinchi tadqiqotimiz bentonit gillari bilan o‘simliklar, bug‘doy, paxta bargini suspenziya orqali oziqlantirish tajribasi.
Bentonit gillari kukuni hamda o‘g‘itlardan tayyorlangan suspenziya bilan bargidan oziqlantirish natijasida o‘simlik bargi ustida yupqa plyonka qobiq hosil qiladi. Ushbu qobiq bargdan namlikning bug‘lanishini kamaytirib, kechki va kunduzgi haroratning tafovuti 10-15 gradusga farq qilishi hisobiga kunduzi havoda bug‘ holidagi suv zarrachalarining kechasi kondensatsiyalanishi natijasida hosil bo‘lgan shudring ko‘rinishidagi suv tomchilarini o‘simlik bargi ustidagi yupqa bentonit qobiq o‘ziga shimib oladi. O‘simlikni bargidan suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirib turish bilan birga sepilgan mineral o‘g‘itlarning ham tez bug‘lanishining oldini olib, maksimal o‘simlik bargidagi mikroporalar orqali o‘zlashtirilishiga yordam beradi.
Qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda bentonit gillari kukunidan foydalanish orqali ekish oldi sug‘orish suvlari hamda o‘simliklarni vegetatsiya davri davomida 700-800 m3 me’yoridagi bir martalik sug‘orish suvlarini tejab qolish mumkin bo‘ladi.
— Tadqiqotlar amaliyotda sinab ko‘rildimi? Natijalar qanday?
— Tadqiqotlarimizni 2018 yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi “Po‘lat bobo” fermer xo‘jaligida sinab ko‘rdik. Shu yili yurtimizda suv juda ham tanqis bo‘ldi. Fermer hech ikkilanmasdan dalaga chigitni bentonit bilan qobiqlab ekdi. 1 avgustgacha fermer dalasiga suv bormadi. Natijada 7-8 marotaba bentonit tarkibli suspenziyani sepib, paxtani saqlab qolgan. Oktyabr oyida tuman hokimi menga qo‘ng‘iroq qilib, “Po‘lat bobo” fermer xo‘jaligi paxtasiga suv juda kech borganligi sababli paxtadan umidi qolmaganini, dalaga borib, paxta juda yaxshi saqlanganini, fermer bu borada olimlar bilan ishlaganini minnatdorchilik bilan bildirdi. Shundan so‘ng tadqiqotimiz OAV orqali yoritila boshlandi va bu anchagina ommalashdi.
— Bu tajriba boshqa o‘simliklarda ham sinab ko‘rildimi?
— Albatta. Bedada sinab ko‘rgandik, 70 sentner qo‘shimcha hosil olindi. Sabzida ham sinov o‘tkazdik. Bitta sabzining kattaligi 1 kilogrammgacha yetdi, mazasi ham shirin. Bug‘doyda o‘tkazgan tajribamiz natijasida hosildorlik 31 foizga ko‘tarildi. Keyinroq lalmi, ya’ni sug‘orilmaydigan yerlarda ham sinab ko‘rdik. O‘tgan yili Nurota tumanidagi 10 gektar joyda tajriba o‘tkazgan edik, bug‘doydan 16 sentner hosil oldik.
2018 yildan buyon ushbu yangi suvtejamkor texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha tajriba-sinov ishlari respublikamiz fermer xo‘jaliklarining qariyb 2000 gektardan ortiq yerlarida olib borildi. Natijada bu yerlarda paxta hosili 12-15 foizga, suvli yerlardagi kuzgi g‘alla hosili 20-25 foiz, lalmi bug‘doy hosili esa 50-60 foizgacha oshishiga erishildi.

— Prezidentimiz 2022 yil 7 iyul kuni “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror bilan Prezident huzurida Paxtachilik kengashi tashkil etildi. Ushbu kengash faoliyati qanday?
— Paxtachilik kengashi tashabbusi bilan har bir viloyatning bittadan tumanida tajriba maydoni sifatida olimlarning tadqiqotlari sinab ko‘rilyapti. Navbahor tumanida olib borgan tadqiqotlarimiz yaxshi natija berdi. Tadqiqotlarimiz orqali o‘simlikning suvga bo‘lgan ehtiyoji 40 foizgacha qoplashini isbotlay oldik. Bu yil hosildorlik 15-20 foizga oshgan. Paxtaning bo‘yida 15-20 santimetrgacha o‘sish bor, chanog‘iyam 5-6 tagacha ko‘paygan. Bu tajriba yanada ommalashsa, kelgusida iqtisodiy samara beradi. Chunki bentonit gillari inson salomatligiga zarar yetkazmaydi, tabiiy mahsulot, mikroelementlarga juda ham boy.
— Qishloq xo‘jaligidagi eng og‘riqli muammo nimada?
— Yurtimizda olimlar tomonidan qishloq xo‘jaligi uchun zo‘r preparatlar yaratilgan. Ammo ularning aksariyati laboratoriyada qolib ketgan. 2018 yilda Navoiy viloyatining 3 ta tumanida Fanlar akademiyasining 20 dan ortiq institutlari olimlarini fermerlar bilan uchrashtirdim. Yaratgan yangi preparatlarni fermerlarga ko‘rsatganimizda, shuncha preparat bor ekan, biz bu haqda bilmaymiz, chet eldan qanaqadir preparatlarni olib kelib sotishadi, uning natijasidan darak yo‘q, deya ko‘pchiligi biz bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Taklifim, olimlarning preparatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerak. Avval fermerlar preparatdan foydalansin, agar natijasini ko‘rmasa, javobini biz olimlar beramiz.
Olimlar bilan fermerlarning faol hamkorligini yo‘lga qo‘ysak, ular bir-birlariga ishonsagina qishloq xo‘jaligida yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishimiz mumkin.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi.