Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Malayziyaning “Meraque Group” kompaniyasi asoschisi va bosh ijrochi direktori Rozali Ismoil bilan uchrashdi.
Uchrashuvda agrar sohani raqamlashtirish, sun’iy intellektni ish jarayonlariga keng joriy etish va aniq dehqonchilik uchun gibrid platformalarni ishlab chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va raqamli xizmatlar ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, uchrashuvda inson mehnatini yengillashtiradigan robototexnika yechimlari, dala monitoringida dronlardan foydalanish va algoritmlar asosida hosildorlikni prognoz qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham fikr almashildi.

Tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, hosildorlikni oshirish va suv resurslarini tejash masalalari dolzarb bo‘lib turgan bir paytda, Malayziya bilan hamkorlikdagi gibrid platformalar va robototexnika yechimlari raqamli agroekotizimning shakllanishiga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA