Bugun qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini rivojlantirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda ularni zarur moddiy-texnika resurslari bilan uzluksiz ta’minlash davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohada raqobat muhitini mustahkamlash, birja savdolarini takomillashtirish va narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab berdi.
Mazkur farmon ijrosini ta’minlash doirasida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida Qo‘mitaning tovar xom-ashyo birjalarida narxlarni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Amirbek Botirov quyidagilarni gapirib berdi:
– Qo‘mita tomonidan birja savdolarida paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni moddiy resurslar bilan ta’minlash maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i moylash materiallarini birja savdolariga qo‘yish jadvallarini ishlab chiqishda jami savdoga qo‘yiladigan hajmning kamida 30 foizini 100 kg.lik kichik lotlarda (lot mahsulot miqdori) tasdiqlash hamda doimiy savdoga chiqarilishi to‘g‘risida mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i moylash mahsuloti sotuvchilariga tegishli ko‘rsatma berilgan.
Shuningdek, birja savdolarining alohida savdo sessiyasida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida savdolarda nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, narxlar hamda talab va taklifning barqarorligini ta’minlash maqsadida tegishli instrumentlardan foydalanilmoqda.
Natijada, bugungi kunda dizel yoqilg‘isi savdolarida 19 mingdan ortiq, mineral o‘g‘itlar savdolarida esa 25 mingdan ziyod ishtirokchi kichik lotlarda mahsulot xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun birja savdolarini yanada qulay, shaffof va barqarorlashtirishga xizmat qilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA