Poytaxtimizda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va Eron Islom Respublikasining qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi “Sirang”, “Namino Group”, “Sabz Koosh”, “Sabzkoosh Negin”, “Beruzmart” va “Sirang UAV” kompaniyalari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov delegatsiya vakillariga mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangiliklar, erishilgan yangi natijalar hamda markaz va uning faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Jumladan, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi mamlakatimiz agrar sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini muvofiqlashtirib borishi, shuningdek, markaz huzuridagi Qishloq xo‘jaligida agroxizmatlar markazi orqali bilim va innovatsiyalar bevosita ishlab chiqarishga tatbiq etilishi natijasida samarali hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Muzokaralarda qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnika va innovatsion yechimlarni joriy qilish, ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Eron kompaniyalari vakillari uchrashuv doirasida o‘zlari taklif qilayotgan xizmat turlari, texnikalar va hamkorlik mazmunini taqdimotlar asosida bayon qildilar.

Shu bilan birga, uchrashuvda delegatsiya a’zolari agroklasterlar vakillariga o‘zlarining qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi faoliyatlari haqida taqdimotlar asosida batafsil ma’lumot berdilar.
Agroklasterlar vakillari uchun Eron kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan kichik qishloq xo‘jaligi texnikalari va agrodronlar mavzusi alohida qiziqish uyg‘otdi. Ular ushbu texnika va texnologiyalar borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita ishlab chiqaruvchilardan javob oldilar. Texnologiyalarni xarid qilish va bu boradagi hamkorlik yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, zamonaviy laboratoriyalar va issiqxona faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Gulnoza Bobova, O‘zA