Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi sohasida biznes-muhit indeksi yaxshilandi
12:37 / 2026-02-23

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan oylik so‘rov natijalariga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonning yig‘ma biznes-muhit indeksi −100 dan +100 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha 64 bandni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yil darajasiga nisbatan 23 foizga yuqori.

Biznes-muhitining o‘sishi asosan joriy holat bo‘yicha baholarning yaxshilanishi hisobiga ta’minlandi. Ushbu ko‘rsatkich 28 foizga o‘sdi.

Qisqa muddatli istiqbollar bo‘yicha optimizmning kuchayishi ham qo‘shimcha hissa qo‘shdi. Xususan, korxonalarning kutilmalari 20 foizga oshdi.

Korxonalarning 22 foizi ishchilar sonini ko‘paytirgan. Shu bilan birga, respondentlarning 71 foizi kelgusi uch oyda mahsulotga talab o‘sishini kutmoqda. O‘tgan yilning shu davrida esa bunday fikrda bo‘lganlar ulushi taxminan 60 foizini tashkil etgan.

Kelgusi chorakda ishchilar soni ortishini prognoz qilayotgan korxonalar ulushi 65 foizgacha ko‘tarildi (o‘tgan yili — 58 foiz).   

Tarmoqlar kesimida o‘tgan yilga nisbatan biznes-muhitning yaxshilanishi qurilish, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida kuzatildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida biznes-muhit indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 62 foizga oshdi. Ko‘rsatkich 2025-yil yanvardagi 48 banddan joriy yilda 77 bandga yetdi.

O‘sish asosan joriy sharoitlarga berilgan baholarning sezilarli yaxshilanishi va yanada ijobiy kutilmalar hisobiga ta’minlandi. Tarmoqda joriy holat ko‘rsatkichi 27 banddan 72 bandgacha, ya’ni 2,7 barobarga oshdi. Kutilmalar esa 17 foizga o‘sib, 82 bandga yetdi. 

Tadbirkorlarning 44 foizi o‘z tarmog‘idagi biznes holatini «yaxshi» deb baholagan (o‘tgan yili — 39 foiz). So‘nggi uch oyda mahsulotga talab oshganini korxonalarning 46 foizi qayd etgan, o‘tgan yil yanvar oyida bu ko‘rsatkich 39 foizni tashkil etgan edi. Yaqin istiqbolda talabning yanada o‘sishi bo‘yicha kutilmalar ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda — 71 foiz (o‘tgan yili — 68 foiz).

Xizmatlar sohasida biznes-muhit o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 25 foizga o‘sib, 52 banddan 65 bandga yetdi. Bu o‘sish biznes yuritishning joriy sharoitlari izchil ravishda yaxshilangani bilan bog‘liq. Jumladan, joriy holatga berilgan baholar 18 foizga oshib, 52 bandni tashkil etdi. Kutilmalar ko‘rsatkichi esa 32 foizga oshib, 79 bandga yetdi. Bu kompaniyalarning yaqin istiqbolga nisbatan ishonchi ancha kuchayganini ko‘rsatadi.

Kelgusi uch oyda tadbirkorlarning 70 foizi o‘z xizmatlariga talab oshishini kutmoqda (2025-yil yanvar oyida — 58 foiz). Kelasi chorakda ishchilari sonini ko‘paytirishni rejalashtirayotgan korxonalar ulushi 61 foizni tashkil etdi (o‘tgan yili — 54 foiz).

Qurilish sohasida biznes-muhit o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga o‘sib, 54 banddan 61 bandga yetdi. Tarmoqda joriy holat 43 foizga yaxshilanib, 57 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, kutilmalar ko‘rsatkichi 66 band darajasida shakllandi va 4 foizga pasaydi.

Qurilish sohasida respondentlarning 38 foizi so‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qayd etgan (o‘tgan yili — 35 foiz). Xodimlar soni oshganini bildirgan korxonalar ulushi 22 foizdan 38 foizgacha ko‘tarildi. Kelgusi uch oyda talab o‘sishini tadbirkorlarning 77 foizi kutmoqda (o‘tgan yil yanvar oyida — 61 foiz).

Sanoat sohasida biznes-muhit o‘tgan yilga nisbatan 5 foizga biroz pasaygan bo‘lsada, yetarlicha yuqori darajada, ya’ni 54 bandda saqlanib qoldi.

Shu bilan birga, sanoat korxonalarining optimizmi barqaror yuqori darajada qolmoqda. Yanvar oyida kutilmalar 10 foizga oshib, 78 bandga yetdi. Bu tarmoqda rivojlanish istiqbollariga nisbatan ijobiy munosabat saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, so‘nggi uch oyda ishbilarmonlik vaziyati yaxshilanganini bildirganlar ulushi 32 foizni tashkil etdi (o‘tgan yili — 30 foiz). Shu davrda mahsulotga talab oshganini sanoat korxonalarining 38 foizi qayd etgan (o‘tgan yil yanvar oyida — 36 foiz). Ayni paytda, bandlikni kengaytirish rejalari kuchaydi: kelgusi uch oyda xodimlar sonini ko‘paytirishni tadbirkorlarning 69 foizi kutmoqda (o‘tgan yili — 62 foiz).

So‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning yarmidan ko‘pi (57 foiz) o‘z faoliyatida hech qanday to‘siqlarni ko‘rmayotganini bildirgan. Qayd etilgan muammolar orasida eng ko‘p tilga olinganlari — soliq yuki (11 foiz), kommunal xizmatlar (9 foiz) va kredit resurslariga kirish imkoniyati (8 foiz) hisoblanadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA