French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari uchun trening o‘tkazildi
20:46 / 2022-07-25

Trenerlik qilish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bu kasb o‘ziga xos san’at. Zero, kasbiy bilim bilan bir qatorda tinglovchilar bilan aloqa o‘rnatish, talabalarni qiziqtirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini to‘g‘ri yo‘naltirishga harakat qilish ham birdek muhim. Ayniqsa, o‘quv mashg‘ulotlari qishloq xo‘jaligiga tegishli bo‘lsa, bugungi kunda zamon bilan hamnafas bo‘lish, yangi texnologiya va ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish zarur.

Cohada to‘plangan bilimni samarali usulda tarqatish muhim ahamiyat kasb etadi, chunki O‘zbekiston aholisining salmoqli qismi qishloq xo‘jaligida band.

Qishloq xo‘jaligi sohasi uchun professional trenerlarni tayyorlash maqsadida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Toshkent viloyatida “Trenerlar uchun trening” tashkil etildi.

«Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etilgan anjumanda hamkor tashkilotlar vakillari, soha oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari ishtirok etdi.

– Maqsadimiz yosh olimlar, tadqiqotchi va o‘qituvchilardan yaxshi murabbiylar tayyorlash, ularning salohiyatini oshirish, – dedi CACILM-2 loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. – Ishtirokchilarni qishloq xo‘jaligi sohasida treninglar o‘tkazish, maqsadli auditoriya bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirdik.

Trening davomida ishtirokchilar o‘qitishning interfaol usullarini o‘rgandi. Turli mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish usullari ko‘rib chiqildi, rasmiy va norasmiy ta’lim o‘rtasidagi farq muhokama qilindi.

Qayd etish kerak, mashg‘ulotlar nazariy va amaliy qismlardan iborat bo‘lib, unda ishtirokchilar notiqlik mahorati. Trening natijasida ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilar ehtiyojini mustaqil aniqlash, murabbiylik yondashuvidan foydalangan holda maxsus o‘quv modullarini ishlab chiqish va tashkil etishni o‘rgandi, deyish mumkin.

Seminar-treninglar o‘tkazish CACILM-2 mintaqaviy loyihasining maqsad va vazifalariga mos kelishi ta’kidlandi. Shulardan biri – sho‘rlanish va qurg‘oqchilikni kamaytirishga qaratilgan yondashuv hamda texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha manfaatdor tomonlarning malakasini oshirish.

Darvoqe, joriy yil 22 iyul kuni loyiha doirasida Toshkent shahrida yerdan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari vakillarining yer munosabat, yerga egalik qilish va boshqarish masalalari bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratildi.

Yig‘ilish chog‘ida qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanishning me’yoriy-huquqiy asosi, yer tuzishning tashkiliy tuzilmasi, yerga egalik qilish shakli, shuningdek, yerning tuproq unumdorligiga ta’siri kabi mavzularda ma’ruza va taqdimotlar qilindi.

O‘zA