Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi sohasi SHHTga a’zo davlatlar hamkorligining eng faol jabhalaridan biri
18:58 / 2021-08-13

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha oltinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Onlayn formatda o‘tkazilgan uchrashuvda Bosh kotib Vladimir Norov boshchiligida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Kotibiyati, FAOning Yevropa va Markaziy Osiy bo‘yicha mintaqaviy vakili Vladimir Rahmanin, shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar–Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston, Qirg‘iziston, Pokiston va O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha vazirlari ishtirok etdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tadbir natijalariga ko‘ra, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma bayonoti ma’qullandi va imzolandi. Shuningdek Agrar texnologiyalarni almashish va ta’lim bo‘yicha SHHTning ko‘rgazma bazasini yaratish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Uchrashuvda kelishilgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma bayonotga ko‘ra, a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan, xususan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida o‘zaro manfaatli savdo-sotiq qilish, oziq-ovqatni o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha SHHTning "yashil" transport yo‘laklari va yo‘nalishlarni tashkillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan o‘zaro almashish uchun veterinariya va fitosanitariya xavfsizligi sohasidagi nazorat organlari bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish kabi yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish rejalashtirilgan.

A’zo davlatlar SHHTning xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorligini yanada rivojlantirishdan manfaatdor.

Jamshid Xo‘jayev Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 2023 yilgacha BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Mintaqaviy konferensiyasining 2023 yilgacha amaldagi raisi sifatida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va FAO o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishning muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston ushbu ikki tashkilotning o‘zaro aloqasini yanada chuqurlashtirishga ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, SHHT davlatlarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorligi to‘g‘risidagi asosiy hujjat 2010 yilning iyun oyida Toshkent shahrida imzolangan edi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA