Munosabat
Bugungi global iqtisodiy o‘zgarishlar, iqlim muammolari va dunyoda oziq-ovqat ta’minoti yuzasidan ortib borayotgan raqobat sharoitida qishloq xo‘jaligi har qanday davlatning strategik ustunligi va barqaror rivojlanish drayveriga aylanmoqda. Ayniqsa, aholisi tez o‘sib borayotgan va eksport salohiyatini kengaytirishni maqsad qilayotgan mamlakatlar uchun agrar soha nafaqat iqtisodiy manfaat, balki ijtimoiy barqarorlik va milliy xavfsizlikni ta’minlovchi asosiy omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston ham bu jarayonda o‘zining milliy agrar siyosatini tubdan yangilab, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, resurslardan oqilona foydalanish, bozor mexanizmlarini kuchaytirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, ekin maydonlarini diversifikatsiya qilish, klaster va kooperatsiya tizimini rivojlantirish, eksportbop hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish agrar sohaning yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratdi.

Natijada, bugunga kelib qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotidagi eng muhim tarmoqlardan biri sifatida aholi bandligini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, milliy eksport hajmini oshirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda beqiyos o‘ringa ega bo‘ldi.
Hozirda 3,5 million nafar aholi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2024 yil yakuni bo‘yicha qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 19,2 foizni tashkil etgan. Bu esa ushbu soha nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki aholi bandligini oshirish va eksport orqali valyuta tushumlarini ko‘paytirishda ham muhim rol o‘ynayotganini anglatadi.
Qolaversa, paxtachilikda ilm-fan yutuqlari va ilg‘or agrotexnologiya olib kirilgani, yuqori unumdor xorijiy navlar ekilgani hisobiga joriy yil dehqon va fermerlarimiz tomonidan 875 ming gektar yerda 4 million tonnaga yaqin xirmon yaratildi. Natijada, ilk bor paxtada o‘rtacha hosildorlik 46 sentnerga yetdi.
Shu bilan birga, joriy yil 3 mingdan ziyod fermer gektaridan o‘rtacha 50-60 sentnerlik, 1,5 mingi 70 sentnerlik marradan o‘tib, paxtachilikda o‘zining tajriba maktabini yaratdi. G‘allakorlarimiz ham yangi mahalliy navlar va biotexnologiya orqali bu yil 8 million 400 ming tonna xirmon yaratdi, o‘rtacha hosildorlik 85 sentnerga yetdi.
E’tiborlisi, ushbu yuqori natijali ko‘rsatkichlar xalqaro darajada ham e’tirof etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston 2024 yilda Global ochlik indeksi bo‘yicha 127 ta davlat orasida 5 dan past ball to‘plab, 22-o‘rinni egalladi va mintaqada yetakchi mamlakat sifatida qayt etildi. Bu mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan siyosat va amaliy chora-tadbirlarning samaradorligini tasdiqlaydi. Ushbu natija, aholining oziq-ovqat bilan to‘yinish holatining yaxshilanganini va mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida kerakli yutuqlarga erishilganini ko‘rsatadi.
Endilikda, Prezident tashabbusi bilan Agrosanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan intensiv bog‘ tashkil qilish uchun 7 yilga 3 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit beriladi. Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan muzlatkichli ombor uchun kredit foizining asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplanadi. Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga qadoqlash xarajatining 50 foizini kompensatsiya qilishi ma’lum qilindi. Bu kabi iqtisodiy qo‘llab-quvatlashlar yaqin vaqt ichida soha taraqqiyotida yanada yuqori ko‘rsatkichlarga erishish imkonini beradi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bugungi kunda O‘zbekiston 180 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini 80 dan ziyod mamlakatga eksport qilmoqda. Bu esa milliy agrosanoat mahsulotlariga bo‘lgan xalqaro talab ortib borayotganini, shu bilan birga, O‘zbekistonning jahon oziq-ovqat bozorida mavqei bosqichma-bosqich mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Albatta, soha rivojida qabul qilingan strategiya, davlat dasturlari hamda qonunchilik hujjatlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, 2025 yilda qabul qilingan “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun O‘zbekistondagi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va sohaga aloqador huquqiy munosabatlarning asosini mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi. Ushbu qonun, o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini nazorat qilishni kuchaytirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash va milliy iqtisodiyotda oziq-ovqat tarmog‘ining o‘rnini mustahkamlashga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, mazkur qonun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali, mamlakatning oziq-ovqat sektorini global bozorlarga integratsiya qilish, xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarish va sifat nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda qishloq xo‘jaligi sohasi davlatimiz rahbarining alohida e’tiborida bo‘lgan masala hisoblanadi. Buni kuni kecha qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh soha fidoyilarining taqdirlanishi hamda Ko‘ksaroy qarorgohida soha faolari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot misolida ham ko‘rish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, bugun mamlakat aholisining qariyb 50 foizi yashayotgan hududlarda, iqtisodiyotning to‘rtdan bir qismini tashkil etayotgan va 3,5 million kishi band bo‘lib turgan mazkur sohada tegishli islohotlarni jadallashtirish, albatta, kelgusida aholi farovonligini oshirish hamda barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.
Dilrabo XOLBOEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo‘jaligi
masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
O‘zA