Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi – mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmog‘i
17:03 / 2025-12-10

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 63 foizi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari, 30 foizi fermer xo‘jaliklari va 7 foizi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tayyorlangan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining so‘nggi 8 yildagi rivojlanish dinamikasi aks ettirilgan tahlilda qayd etilgan.

2024 yil yakunlariga ko‘ra yalpi ichki mahsulotning 19 foizi, investitsiyalarning 7,5 foizi, eksportdan olingan daromadlarning 6 foizi va band aholining 22,7 foizi mazkur tarmoq hissasiga to‘g‘ri keladi.

2017-2024 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining bosqichma-bosqich kamayish (32 foizdan 19 foizgacha) tendensiyasi kuzatilgan bo‘lsada, mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sish sur’atlariga erishildi. So‘nggi 8 yil davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 17 foizga (o‘rtacha yillik o‘sish – 2,7 foiz) o‘sdi va 467 trln. so‘mga yetdi. 2024 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi 1,6 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.

Qishloq xo‘jaligida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish, mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va tayyor mahsulotlar eksportni oshirish maqsadida mamlakatda klaster tizimi joriy etilgani qisqa vaqt ichida sohada ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratdi. 2017 yilda O‘zbekistonda 2 ta qishloq xo‘jaligi klasteri ishlagan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ularning soni 355 taga yetdi. Bugungi kunda mamlakatda 134 ta paxta-to‘qimachilik, 200 ta g‘allachilik, 249 ta meva-sabzavotchilik, 42 ta sholichilik, 8 ta dorivor o‘simliklar yetishtirish yo‘nalishida klasterlar samarali faoliyat yuritmoqda.

So‘nggi 8 yil davomida sohaga 11,6 mlrd. AQSH dollari miqdorida investitsiyalar kiritildi. Qishloq xo‘jaligida bir nafar ishchiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat hajmi (mehnat unumdorligi) 61,3 foizga oshib, 79,7 mln. so‘mga yetdi.

2017-2024 yillarda donli ekinlar (1 gektardan olinadigan hosil 43 sentnerdan 50 sentnerga), paxta xom ashyosi (23 s. - 34 s.), uzum (124 s. -132 s.), kartoshka (330 s. – 349 s.), poliz ekinlari (345 s. – 359 y.) bo‘yicha hosildorlik ko‘rsatkichlarining o‘sishiga erishildi.

2017-2024 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida ham ijobiy o‘sish sur’atlari qayd etildi. 2024 yilda dehqonchilik mahsulotlaridan 8,9 mln. tonna don ekinlari (2017 yilga nisbatan o‘sish – 22 foiz), 12 mln. tonna sabzavotlar (18 foiz), 3,7 mln. tonna kartoshka (32 foiz), 3,3 mln. tonna meva va rezavorlar (27 foiz), 1,8 mln. tonna uzum (12,5 foiz), 2,7 mln. tonna poliz ekinlari (35 foiz) va 3,0 mln. tonna paxta xom ashyosi (3,5 foiz) yetishtirilgan.

Chorvachilik mahsulotlaridan 2,9 mln. tonna go‘sht (2017 yilga o‘sish – 26 foiz), 12,4 mln. tonna sut (24 foiz), 8,8 mlrd. dona tuxum (40 foiz), 16,6 ming tonna asal (42 foiz) yetishtirilgan. Shu bilan birga, 2024 yilda yirik shoxli qoramollar soni 14,4 mln..bosh (2017 yilga nisbatan o‘sish – 15,2 foiz), sigirlar – 5,1 mln. bosh (19 foiz), qo‘y va echkilar – 24,6 mln. osh (19,4 foiz), parrandalar – 106,6 mln. boshga (42,3 foiz) yetdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA