Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda qaysi hudud yetakchi?
12:39 / 2025-02-24

Yurtimizda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Respublikada oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, sohaga investitsiya mablag‘larini jalb qilish va eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6,1 milliard AQSH dollaridan va ularning yillik eksporti hajmi 510 million AQSH dollaridan oshgan.

Mamlakatimizda 4 million gektardan ziyod sug‘oriladigan ekin maydonlari bor. Ularda, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari va iqtisodiyot tarmoqlari uchun xomashyo yetishtirilmoqda. Oxirgi yillarda paxta va g‘alla maydonlaridan 260 ming gektari dehqonchilik uchun ajratilgan. O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, gilos va shaftoli bo‘yicha 6-7-o‘ringa, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar bo‘yicha 10-o‘ringa chiqdi. Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Har hafta 3-4 tonna uzum AQSHga yetkazib berilmoqda. Eksport Qoraqalpog‘iston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar ko‘paydi.

Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2024 yilda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklari mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 467 trillion so‘mni tashkil etgan.

Xo‘sh, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda qaysi hudud yetakchi?

– Farg‘onada eng ko‘p donli ekinlar yetishtirilgan (998,5 ming tonna).

– Andijonda eng ko‘p sabzavotlar yetishtirilgan (1 833,7 ming tonna).

– Samarqandda eng ko‘p kartoshka yetishtirilgan (747,6 ming tonna).

– Surxondaryoda eng ko‘p poliz ekinlari yetishtirilgan (351,5 ming tonna).

– Andijonda eng ko‘p meva va rezavorlar yetishtirilgan (699,9 ming tonna).

– Samarqandda eng ko‘p uzum yetishtirilgan (666,1 ming tonna).

– Qashqadaryo viloyatida eng ko‘p go‘sht (tirik vaznda) ishlab chiqarilgan (345,9 ming tonna).

– Samarqandda eng ko‘p – 1 456,0 ming tonna sut ishlab chiqarilgan.

– Toshkent viloyatida eng ko‘p – 1 608,1 million dona tuxum ishlab chiqarilgan.

– Xorazmda eng ko‘p – 33 ming tonna baliq ovlangan.

– Samarqandda yirik shoxli qoramol – 1 765,8 ming bosh.

– Qashqadaryoda qo‘y va echkilar soni – 5 109,7 ming bosh.

– Respublika bo‘yicha eng ko‘p ot Toshkent viloyatida bo‘lib, 57 ming 9 boshni tashkil etadi.

Mamlakatda 266 ming gektar bog‘ va 132 ming gektar tokzor bor.

Davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, asosiy maqsad qishloq xo‘jaligini ilmiy asoslangan, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining eng yaxshi tajribalarini tatbiq qilgan holda rivojlantirishdan iborat.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ishlab chiqilishi natijasida ham sohada ming-minglab ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA