Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ilg‘or tajribalar ommalashtirilmoqda
15:44 / 2021-04-24

So‘nggi yillarda Toshkent viloyatida chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Bu jarayonda aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Xususan, hozirgi kunda viloyatda chorvachilik yo‘nalishida 1 ming 586 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan, 667 ta qoramolchilik xo‘jaliklarda 89 ming 387 bosh qoramol, 267 ta qo‘ychilik xo‘jaliklarida 198 ming 773 bosh qo‘y, 10 ta echkichilik xo‘jaliklarida 5 ming 404 bosh echki va 14 ta yilqichilik xo‘jaliklarida esa 1315 bosh ot, tuyachilik yo‘nalishidagi 1 ta xo‘jalikda 33 bosh tuya boqilmoqda. Hudud bo‘yicha jami 185 ta naslchilik maqomidagi xo‘jaliklar mavjud bo‘lib, qoramolchilik, qo‘ychilik, echkichilik, yilqichilik, tuyachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 maydagi “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy xujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan hudud bo‘yicha doimiy nazorat ishlari olib borilmoqda.

Mazkur qaror ijrosini taminlash maqsadida, viloyatda chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratish bo‘yicha 2020-2021 yilda viloyat bo‘yicha fermer xo‘jaliklar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan chet davlatlardan keltirilgan yuqori mahsuldor bo‘lgan jami 6ming 43 bosh naslli qoramol belgilangan talablar asosida parvarish qilinmoqda.

Mazkur jarayonlar bilan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun Qibray tumanida media-tur tashkil etildi.  

Dastlab jurnalistlar tumanda joylashgan “TANO” fermer fo‘jaligiga qarashli korxonada “Kamilka” brendi ostidagi sut mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.  

– Mazkur korxona 2009 yildan buyon faoliyat yuritayotgan bo‘lib, hozir 130 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan, –deydi korxona rahbari Shokir Zaripov. – Hozirda 20 tonna sut qayta ishlanib, 15 xil turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Sutni qayta ishlovchi texnologiyalar Italiyadan keltirilgan bo‘lib, jarayonda mahsulotlarni sifat nazoratiga alohida e’tibor qaratiladi. Qayta ishlanadigan sut hududdagi fermer ho‘jaliklaridan olinadi. Tayyorlangan mahsulotlar mamlakatimizning bozorlariga yetkaziladi. Xususan, har kuni Toshkent shahridagi 700 ga yaqin do‘konga 20 ta avtotransport orqali mahsulot olib boriladi.  

– Hozirgi kunda go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirishda muvofiqlikni baholash organlari tomonidan maxsus sertifikatlar olish muhim ahamiyatga ega, – deydi Agroinspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasi bosh inspektori Lochinbek Isabekov. – Bu esa aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishiga yordam beradi. Boshqarmaning bu jarayondagi asosiy roli ishlab chiqarilayotgan go‘sht, sut va sut mahsulotlarini bir qator sohaga doir O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga amal qilinishini ta’minlashini nazorat tartibida o‘rganib boradi. Agar biror kamchilik aniqlansa, korxonalar mas’ullariga tushuntirishlar beriladi. Bunday nazorat tadbirlari muntazam tashkil etiladi. Mahsulotlarni sertifikatlash ishlari muvofiqlikni baholash organlari tomonidan zarur xulosalar berilishi bilan amalga oshiriladi.  

Shundan so‘ng jurnalistlar Agroinpeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasining mutaxassislari bilan birga barcha turdagi chorva mollari, parrandalar va baliqlar uchun omuxta yem mahsulotlari ishlab chiqaruchi “Biznes Development Konsalting” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mehmon bo‘ldi.

Korxonaga germaniyalik hamkorlar bilan birgalikda zamonaviy uskunalar olib kelingan. Hozir bu yerda ikkita liniya mavjud bo‘lib bir oyda bitta liniya 2 ming tonna tayyor mahsulot chiqaradi. Bu yerda tayyorlangan sifatli omuxta yem nafaqat mamlakatimizdagi chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik xo‘jaliklariga balki, qo‘shni Turkmaniston, Afg‘oniston va Qirg‘iziston davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Bu yerda hozir 20 ta ish o‘rni yaratiladi.  

Ishlab chiqarayotgan har bir tayyor yem mahsulotlari labaratoriya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Noyob texnologiyalaridan biri bu, yem mahsulotlar bug‘ yordamida 100-120 S darajada ishlov berilishidan keyin qumaloqlangan shaklda ishlab chiqariladi. Bunda zararli moddalar yo‘q qilinib, yemning hazm bo‘lish xususiyatini oshiradi va foydali moddalar, mikroelemntlar saqlanib qolinishiga erishiladi. Kompaniya yuk tashuvchi maxsus avtomobillar va o‘z omborxonasi bo‘lgan temir yo‘l tarmog‘iga ega bo‘lib, qisqa vaqt ichida byurtma qilingan mahsulotlarni mijozlarga yetkazib beradi.  

Hozir mazkur MCHJ tomonidan nasldor qo‘ychilikni ko‘paytirish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlangan. Xususan, Qibray tumanida 200 boshdan ortiq turli qo‘y zotlari Fransiya, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston va Germaniya kabi davlatlardan keltirilgan. Maqsad, aholi iste’moli uchun sifatli go‘sht va tekstil korxonalari uchun mayin jun yetkazib berishni rivojlantirishdir.  

Media-tur davomida naslli qoramol parvarishlash bilan shug‘ullanayotgan “Halol Baraka Nur” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga borildi. 2010 yildan beri chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan chorva fermasida hozir 1 ming 300 boshdan ortiq qoramol mavjud.

Yaqinda jamiyat tomonidan Prezidentning 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha Osiyo Taraqqiyot Banki sarmoyasi asosida yangi loyiha amalga oshirildi. Unga ko‘ra, Yevropadan naslli mollar keltirish borasida Germaniya davlatining “Forster Livestock GmbH” kompaniyasi bilan 496 bosh qora mol olib kelish bo‘yicha” shartnoma imzolandi. Shu asosda 2020 yil noyabr-dekabr oylarida zotdor qoramollar keltirildi. Hozir mazkur MCHJ  naslli mollarni ko‘paytirish va sifatli, arzon sut mahsuloti bilan uzluksiz ravishda xalqimizni ta’minlash ishlarini amalga oshirmoqda.  

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2021 yil birinchi choragida ishlab chiqaruvchilarga 2 milliard 225 million so‘mdan ortiq sut va 330 million so‘mlik qoramol yetkazib berilgan. Nasldor mol sonini ko‘paytirish, chorvachilikni rivojlanitirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman hokimligi tomonidan jamiyatga jami 565,1 gektar yer maydoni ajratib berilgan bo‘lib, shundan 424,8 gektari sug‘oriladigan yer, 102 gektari lalmi va 18 gektar yaylov yer, qolgani yo‘l osti va ariqlardir.

Fermada yangi tug‘ilgan buzoqlar maxsus joylarda saqlanadi. 2 oy davomida mutaxassislar nazoratida parvarishlanadi. Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

– Bu yerda Germaniya davlatidan keltirilgan sut sog‘uvchi texnikalari ham o‘rnatilgan, – deydi ferma rahbari Abdulxay Zaynobiddinov. – Bir bosh sigirdan quniga 23-25 litr, umumiy 8,5-9 tonna sut olinadi. O‘z navbatida kunlik sutni viloyatdagi qayta ishlovchi korxonalarga peshma pesh yetkazib bermoqdamiz. Ish jarayonlarimiz tizimli tartibda yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa ish samaradorligini oshirishga yordam bermoqda.  

Agroinspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan texnik diagnostik jihozlar to‘plami bilan jihozlangan “Damas” avtomashinasida joylarda jismoniy va yuridik shaxslarning qishloq xo‘jaligi texnikalarini ko‘rikdan o‘tkazmoqda.  

Qolaversa, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalari bo‘yicha “yagona elektron baza” shakllantirilib, O‘rta osiyoda birinchilardan bo‘lib zamonaviy, plastik shakldagi hujjatlar ya’ni texnik pasport va haydovchilik guvohnomalari, zarur kompyuter jihozlari barcha tuman bo‘limlariga yetkazib berildi.

Viloyat bo‘yicha 2021 yil bahorgi dala ishlarida qatnashadigan barcha turdagi jami 9 ming 429 dona qishloq xo‘jaligi texnikasini ta’mir sifati birma-bir nazoratdan o‘tkazildi. Ularga muvofiqlik sertifikati asosida ishni tashkil etish bo‘yicha joylarda ishchi guruh tomonidan belgilangan choralar ko‘rildi. Hozirda Toshkent viloyatida jami 24 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazigan bo‘lib, shundan 600 ga yaqini chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotgan fermer xo‘jaliklariga tegishli.

Mazkur texnikalar “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlarining tegishli qarorlariga ko‘ra, qatiy grafiklar asosida yillik majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Xususan, Toshken viloyati Qibray tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Halol Baraka Nur” ma’suliyati cheklangan jamiyat hisobida jami 44 dona maxsus texnika mavjud bo‘lib, ularning barchasi tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Zamonaviy plastik shaklda texnik pasportlar berilishi ta’minlangan.

Abdulaziz Musayev, O‘zA