O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Bog‘dorchilik tarmog‘i va issiqxona xo‘jaliklarida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moddiy resurslar (xizmatlar) bilan uzluksiz ta’minlash hamda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish tizimini yaratish maqsadida:
1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligining (keyingi o‘rinlarda – Bog‘dorchilik agentligi) meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 12 oy muddatga, shu jumladan, 11 oylik imtiyozli davr bilan 300 milliard so‘m byudjet ssudasini yillik 10 foiz stavkada ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Moliya vazirligiga qaytarilgan mablag‘lar hisobidan yil davomida Bog‘dorchilik agentligining buyurtmasi asosida qo‘shimcha byudjet ssudasi ajratib borilishini ta’minlash vazifasi yuklatilsin. Bunda, ajratilgan byudjet ssudasi bo‘yicha qarzdorlikning jami summasi 300 milliard so‘mdan oshib ketmasligi belgilab qo‘yilsin.
2. Belgilansinki, Bog‘dorchilik agentligi byudjet ssudasi hisobidan:
qishloq xo‘jaligi korxonalariga – meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlarni (keyingi o‘rinlarda – qishloq xo‘jaligi ekinlari) yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish uchun;
qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga, shu jumladan, “Agroservis operator” davlat unitar korxonasiga – yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini xarid qilish bo‘yicha talab etiladigan aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun yillik 14 foiz stavkada qarz mablag‘lari ajratiladi.
3. Qishloq xo‘jaligi korxonalariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urug‘lik va ko‘chatlarni yetkazib berish hamda qishloq xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish vazifasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agroservis operator” davlat unitar korxonasiga yuklatilsin.
4. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
“Agroservis operator” davlat unitar korxonasi tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish qarz shartnomasi asosida qishloq xo‘jaligi korxonalariga qishloq xo‘jaligi ekinlarining vegetatsiya davridan ortiq bo‘lmagan muddatga yillik 14 foiz stavkada amalga oshiriladi;
mazkur qaror doirasida moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urug‘lik va ko‘chatlar hamda qishloq xo‘jaligi xizmatlari “Agroservis operator” davlat unitar korxonasi tomonidan birja savdolaridan xarid qilish va (yoki) yetkazib beruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlash usuli orqali yetkazib beriladi va ko‘rsatiladi;
qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi, qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga (bundan “Agroservis operator” davlat unitar korxonasi mustasno) qarz mablag‘lari ularni qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi taqdim etilgandan so‘ng ajratiladi.
5. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Quyidagilar komissiyaning (J.A.Xodjayev) vazifalari etib belgilansin:
qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish hamda qishloq xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish uchun qarz mablag‘lari ajratiladigan yo‘nalishlar va loyihalarni belgilash;
“Agroservis operator” davlat unitar korxonasi tomonidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning yetkazib beruvchilarini tanlash;
“Agroservis operator” davlat unitar korxonasi va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan qarz mablag‘laridan samarali va manzilli foydalanilishi ustidan tizimli monitoring ishlarini tashkil etish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatishga davlat-xususiy sheriklik shartnomalari asosida tadbirkorlik sub’ektlarini
jalb qilish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Hukumatga takliflar kiritib borish.
6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xaitov) hamda Bog‘dorchilik agentligi (X.M.Karimov):
a) Adliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda mazkur qaror doirasida nazarda tutilgan qarz mablag‘larini ajratish bo‘yicha namunaviy shartnoma shakllarini ishlab chiqsin;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
hosildor urug‘ va ko‘chat navlarini, o‘g‘it va o‘simliklar himoyasi vositalarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini o‘tkazish hamda ekinlarni yer maydonlarida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida joylashtirishni tashkil qilish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish ishlarini tashkil qilish choralarini ko‘rsin.
7. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bilan birgalikda 2022 yil 1 dekabrga qadar 2022 yil tajribasi natijalaridan kelib chiqib, mazkur amaliyotni yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xaitov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) bilan birgalikda har bir hududda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha taqdimotlar va seminarlar o‘tkazsin.
9. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.K.Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xaitov) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mazmun-mohiyatini yoritish bo‘yicha turkum teleko‘rsatuvlar namoyish etilishini doimiy tashkil etsin.
10. Hisob palatasi (B.T.Turabov) Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishi va maqsadli sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–52-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori X.M.Karimov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Sh.M.G‘aniyev va J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 27 aprel