Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimi takomillashtiriladi
18:05 / 2025-07-31

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida “Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Majlisda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash chora-tadbirlari amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, tashqi bozorlarga talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish orqali eksport ko‘lamini kengaytirish, ayniqsa, yerlardan unumli foydalanish imkoniyatini oshirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga hamda Soliq kodeksiga qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiruvchilarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida qonunchilikka muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarida va muddatlarda maqbul ekin ekmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash hamda yer uchastkasining maqbul ekin ekilmagan qismi uchun yer solig‘ini oshirilgan miqdorda hisoblashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni samarali tashkil etish hamda ko‘paytirish orqali mamlakatning eksport ko‘rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qiladi. 

Qonunni ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida yana bir bor tahlil qilish, tegishli vazirlik va idoralarning taklif, mulohazalarini olish hamda umumlashtirishga kelishib oldi. 

Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari uchun o‘quv seminari ham o‘tkazildi. Unda doimiy komissiyalarning ish faoliyatini samarali tashkil etish, ularning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha rejalarni belgilash, vakolatlari doirasida muhim masalalarni muhokama qilish va aniq natijalarga erishish bo‘yicha tajriba almashildi.

N.Abduraimova, O‘zA