Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi
15:16 / 2024-07-09

Mamlakatimizda agrar sohada olib borilgan islohotlar natijasida 260 ming gektar yer maydonida kichik ishlab chiqaruvchi sub’ektlar paydo bo‘ldi. Ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni tashish, saralash, saqlash, qayta ishlash, ichki va tashqi bozorda sotishni yengillashtirish uchun qishloq xo‘jaligi kooperativlari va klaster korxonalari o‘rtasidagi kooperativ hamkorlik imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qishloq xo‘jaligida kooperativ munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning tarqoqligi, turli qonunchilik hujjatlarida mavjud normalarni amaliyotda qo‘llash qiyinchiligi sohada kooperativ munosabatlarni tartibga solishning unifikatsiyalashtirilgan huquqiy asosini yaratish lozimligini ko‘rsatdi. Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.  

–Bugungi kunda dunyo tajribasida 3 milliondan ortiq qishloq xo‘jaligi kooperativlari mavjud, shu jumladan O‘zbekistonda 190 ta kooperativlar bor, – dedi qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov. –Mazkur qonun loyihasi bilan qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, kooperativ a’zoligiga qabul qilish, nazorat qilish, tashqi audit, boshqarish, qayta tashkil etish va tugatish, davlat va kooperativlar o‘rtasidagi hamda mulkiy munosabatlarni tartibga solish masalalari belgilanmoqda.  

Shuningdek, belgilanayotgan normalar kichik ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat tomonidan shart-sharoitlar yaratish, moliyalashtirish bo‘yicha rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlarni qo‘llash masalalarini ko‘zda tutadi.  

Loyihada qishloq xo‘jaligi kooperativi jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashib, egalik qiladigan va demokratik yo‘l bilan boshqariladigan, a’zolarining moddiy va boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun pay usuliga asoslangan mustaqil va tijorat tashkilot ekani belgilanmoqda. Shuningdek, kooperativlarni moliyalashtirish masalalari, davlatning kooperativlar bo‘yicha vakolat va majburiyatlari belgilanmoqda, – dedi vazir.  

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar ushbu qonun loyihasi qabul qilinishi bilan qishloq xo‘jaligida zamonaviy kooperativ munosabatlari tartibga solinishini, kooperativlarning huquqiy kafolati yaratilishini qayd etdilar.  

M.Komilova,

O‘zA