Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi: Joriy yarim yillikda 4 million 499 ming gektar yerga ekinlar ekilgan
19:48 / 2022-07-26

Hayotiy ehtiyojlarimizning asosiy qismini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashkil etadi.

Shu bois ham mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, sohada bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq ho‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilingan edi. Unda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va iste’mol ratsionini yaxshilash, talab etiladigan miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni nazarda tutuvchi oziq-ovqat xavfsizligi davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish, sifat nazorati infratuzilmasini rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirishi, qulay agrobiznes muhitini yaratish kabi qator maqsad-vazifalar belgilab qo‘yilgan.

Xo‘sh, bugungi kunda mazkur strategiya doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda, kutilgan natijalar qoniqarlimi, aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash borasida qanday chora-tadbirlar ko‘rilayotir?

Bu kabi masalalarga bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sh.Teshayev batafsil to‘xtaldi. Majlisda vazir o‘rinbosarining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi bajarilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

— Oziq-ovqat xavfsizligi va ichki iste’molni sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash borasida joriy yilning birinchi yarim yilligida 4 million 499 ming gektar yerga ekinlar ekildi, — dedi Sh.Teshayev. — Respublikamizdagi qishloq xo‘jaligi korxonalarida 5,1 ming gektar maydonlarda 2 ming 912 ta issiqxona faoliyat olib bormoqda. Shundan 876 gektar gidroponika usulida, 4,2 ming gektar tuproqda mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, ularda 385 ming tonna mahsulotlar yetishtirildi.

Strategiyada nazarda tutilgan qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish maqsadida 14 ta paxta-to‘qimachilik, 41 g‘allachilik, 103 meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunda 134 ta paxta-to‘qimachilik, 198 ta g‘allachilik, 249 ta meva-sabzavotchilik, 43 ta sholichilik, 9 ta dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi klasterlar faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbarining “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan g‘allani sotib olish va sotish bozor narxlari asosida amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida donning bir qismi 2022 yil iyul-sentyabr oylarida birja savdolari orqali grafik asosida sotilishi belgilandi, — dedi ma’ruzachi o‘z axborotida.

Eshituv davomida so‘z olgan deputatlar qishloq xo‘jaligi sohasi eng muhim va dolzarb tarmoqlardan biri ekanligini ta’kidlab, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, qator masalalarda savollar bilan murojaat qildilar.

— Yildan-yilga ekologiyaning yomonlashuvi, noqulay ob-havo sharoiti kuzatilmoqda, — dedi deputat Qodir Jo‘rayev. — Bu esa, albatta, dehqon-fermerlarga, bog‘bonlarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Masalan, o‘tgan yili o‘rik mevasi deyarli bo‘lgani yo‘q. Dehqon-fermerlarni ana shu kabi noqulay ob-havo sharoitidan, tabiiy ofatlardan himoyalash borasida qanday huquqiy hujjatlar mavjud?

— Bu borada sug‘urtalash tizimini rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, — deya javob berdi vazirlik mutasaddisi. — Bu bo‘yicha Prezident qarori loyihasi tayyorlangan. Ya’ni, 50 foiz hosilni sug‘urtalash masalasi ko‘rilmoqda. Bozor sharoitlariga mos mexanizmlar yo‘lga qo‘yiladi. Xalqaro hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Majlisda deputatlar tomonidan yana bir qancha savollar taqdim etildi. Joylarda agrar sohaga oid duch kelinayotgan muammolar yuzasidan murojaatlar bo‘ldi. Deputatlarga vazirlik tomonidan sohaga oid qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladigan bo‘ldi.

Muhtarama Komilova, O‘zA