Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning izchilligini ta’minlash va tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligini ko‘zdan kechirish maqsadida Buxoro viloyatida bo‘ldi.
Dastlab, vazir “Buxoro Agroklaster Chorva” MCHJ faoliyati bilan tanishdi. Mazkur chorvachilik kompleksining tashkil etilganiga uch yil bo‘ldi. Bu yerda tashkil etilgan ishlar boshqa chorvachilik komplekslariga namuna bo‘lmoqda. Ilm va innovatsiyani to‘g‘ri joriy qila olish chorvachilik sohasining keyingi istiqbolini belgilovchi omil ekanligiga mana shu yerda guvoh bo‘lasiz. Chorva mollarini musiqa qo‘yish orqali parvarish qilish, ularni boqishda gigiyenik talablarga qat’iy rioya qilish, maxsus oziqlantirish ratsioni amaliyotga puxta joriy etilgan.
Chorvachilik majmuasida jami 3 ming bosh sut va go‘sht yo‘nalishidagi qoramollar parvarishlanmoqda. Shundan ming boshi Golshteyn, Simmental va Shvis zotli sog‘in sigirlardir. Naslchilik seleksiya ishlarini keng ko‘lamda tashkil etish maqsadida hozirda bu yerda Angus va Belgiya zotli qoramollar ham parvarishlanmoqda. Bir bosh sog‘in sigirdan o‘rtacha 28 litr sut sog‘iladi. Bir kunda jami 28 tonna sut olinmoqda. Shuningdek, bu yerda intensiv gidroponika usulda yashil ozuqa yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan. 1 kilogramm bug‘doydan 7 kilo yashil ozuqa, kunlik 3 tonna 800 kilo yetishtirilmoqda.
Chorva mollarining ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida chorvachilik kompleksiga 400 gektar ozuqa ekin yer maydoni ajratilgan. Beda, silos va don uchun makkajo‘xori va oraliq ekinlardan roj bilan tritikali ekib kelinmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va vazirlik ishchi guruhi viloyatdagi ko‘plab fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan ham tanishdi.
Keyingi manzil Buxoro tumanidagi “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 236 gektar, shundan 105 gektarda paxta, 85 gektar maydonda esa g‘alla yetishtirilmoqda. 2 gektar maydonga poliz mahsulotlari ekilib, 2 gektarda bog‘ barpo etilgan. 12 gektar maydon chorva mollarining ozuqasi uchun ekin yetishtirishga mo‘ljallangan. O‘zbekiston Qahramoni Muhammad Ahmedov shu yoshga kirishiga qaramasdan g‘ayrati jo‘shib, yoshlarga nafaqat o‘rnak bo‘lmoqda, balki haqiqiy hayot maktabini ham o‘tamoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovni Jondor tumanidagi “Yakkatut g‘allachilik, urug‘chilik va sholichilik” MCHJ klasteri faoliyati bilan ham tanishdi. 2023 yil hosili uchun yetishtirilayotgan soya va undan kutilayotgan hosilga qiziqdi. Yana bir e’tiborli jihat shundaki bu klasterda bir kunda 240 tonna bug‘doy saralanib, ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Keyingi manzil Qorako‘l tumanidagi “Merganteks” MCHJ paxta-to‘qimachilik klasteri va unga tegishli Darg‘ali hududidagi “Yangiboy Ochil” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Dastlab, bu yerda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga mo‘ljallangan polietilen plyonkasi va shlang ishlab chiqarish jarayoni ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, ushbu klaster bilan shartnoma tuzgan fermer xo‘jaliklarining paxta va g‘alla maydonlari ko‘rildi. E’tiborlisi, 3 ming gektar maydonga ekilgan paxta plyonka ostida tomchilatib sug‘orish asosida yetishtirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA