Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi: islohotlar o‘z samarasini bermoqda
10:23 / 2025-08-27

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Agrar sohada infratuzilmani modernizatsiya qilish rivojlanish strategiyasining hal qiluvchi yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishda belgilangan barcha vazifalar qishloqlarda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy agroiqtisodiy muhitni shakllantirish va albatta, “Yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan barqaror, ekologik xavfsiz va inklyuziv rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan agrar sohadagi har bir raqam, har bir infratuzilma ob’ekti, har bir eksport shartnomasi ortida inson manfaati, oila farovonligi va milliy iqtisodiyot salohiyati yotadi.

Ishlab chiqarilgan mahsulotni saqlash, qayta ishlash va bozorga chiqarishda infratuzilmaviy bazaning yetarlicha emasligi ko‘p hollarda samaradorlikni cheklab kelar edi. Bugun bu holat izchil bartaraf etilmoqda. 2025 yilning 
birinchi yarim yilligida 6 ming tonna sig‘imga ega zamonaviy muzlatgichlar va saqlash omborlari foydalanishga topshirildi. Bu kabi infratuzilma ob’ektlari mahsulot yo‘qotilishini sezilarli darajada kamaytirib, mavsumiy o‘zgarishlar sharoitida bozorda narx barqarorligini ta’minlashga, fermer va dehqonlarning daromadini himoya qilishga xizmat qilayotir. Shuningdek, harorati saqlanadigan omborlar eksportyorlar uchun xalqaro standartlar darajasida logistika imkoniyatlarini yaratib, mahsulotlarni uzoq masofalarga sifatli yetkazish imkonini bermoqda.

Agroinnovatsion klasterlar soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda 16 ta hududda ana shunday klasterlar tashkil etilgan. Ular “tadqiqot – yetishtirish – qayta ishlash – logistika – eksport” zanjiri asosida faoliyat yuritmoqda. Bu tizim aslida tarmoqdagi mavjud segmentlarni integratsiya qilish orqali yuqori samaradorlikka erishishni ko‘zlaydi.

Agroklasterlar bu nafaqat ishlab chiqarish maydonlari, balki agrar bilim, innovatsiya va tadbirkorlik markazlari hamdir. Ularda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda yuqori hosildor, iqlimga moslashuvchan navlar yaratilib, agrotexnologik tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Ta’lim va amaliyot uyg‘unlashgan mazkur klasterlarda yosh agroinjenerlar, agrobiznes mutaxassislari va agronomlar tajriba orttirib, yangi avlod agrotexnik kadrlari yetishib chiqmoqda. Ahamiyatli jihati mazkur klasterlarda hosildorlik ko‘rsatkichlari o‘rtacha 10 –15 foizga oshmoqda. Bu tizimning amaliyotda o‘zini oqlayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, klaster doirasida mahsulotni quyi qayta ishlash korxonalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish mexanizmi shakllantirilgani fermerning bozorga chiqish xarajatlarini kamaytiradi va real daromadini oshiradi.

Yana bir muhim jihat — agroklasterlar doirasida ijtimoiy foydali tashabbuslar ham amalga oshirilmoqda. Aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy sanoatni rivojlantirish borasida yangi imkoniyatlar yaratilayotir. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy barqarorlikka xizmat qiluvchi muhim omil hisoblanadi. Shu bilan birga qishloq joylarda ishlab chiqarish, qayta ishlash va logistika markazlari atrofida tadbirkorlik muhiti shakllanmoqda. Bugungi kunda agroklasterlar doirasida yuzlab kichik korxonalar, xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyat boshlagan. Bu o‘z navbatida mahalliy iqtisodiyotning ichki imkoniyatlarini jonlantirish va hududiy teng rivojlanishni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Barqaror rivojlanish tamoyili...

Agrar va oziq-ovqat sanoati uchun 2025 yilning ikkinchi yarim yilligi juda muhim va hal qiluvchi bosqich hisoblanadi. Bu davrda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan vazifalar nafaqat joriy yil yakunida yuqori ko‘rsatkichlarga erishish, balki kelgusi yillar uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan. Belgilangan maqsadlar sohaning har bir bo‘g‘inini qamrab olgan. Jamiyatning barcha qatlamlariga — fermerlardan tortib iste’molchilargacha ijobiy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan.

Yil yakunigacha qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti hajmini 4,1 foizga oshirish maqsad qilingan. Bu bir yilda ikki yoki uch marta hosil olish imkonini yaratib, yerdan foydalanishda maksimal samaradorlikni ta’minlaydi. Shuningdek, 10 ming gektarda yangi intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish orqali meva-sabzavotchilik sohasida yuqori hosildor, eksportbop navlarni keng ko‘lamda yetishtirish uchun zamin yaratiladi. Natijada ichki bozorda sifatli mahsulot yetishmasligi muammosi hal etiladi, xalqaro bozorda raqobatbardoshlik yanada oshadi.

Ishlab chiqarishning muvaffaqiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta ishlash va saqlash infratuzilmasining samaradorligiga bog‘liq. Shuning uchun ham yil yakunigacha 132 ta yangi qayta ishlash korxonasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu ishlab chiqarilgan mahsulotni yuqori qo‘shilgan qiymat bilan bozorga chiqarish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, mahalliy brendlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, 41 ming tonna sig‘imdagi muzlatgich va logistika markazlarini qurish rejasi mavjud. Bu infratuzilmalar hosilni mavsumiy yo‘qotishsiz saqlash, mamlakatning har qaysi hududidan sifatli mahsulotni iste’molchiga yetkazish, eksport logistikasini tashkil etish borasida hal qiluvchi omillardan biridir.

Agrosanoat mahsulotlari eksportini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish yil yakuni uchun belgilangan asosiy strategik maqsadlardan biridir. Bu borada eksportbop mahsulot navlarini ko‘paytirish, xalqaro talablarga moslashgan ishlab chiqarish tizimlarini joriy etish, logistika va marketing imkoniyatlarini kuchaytirish choralari ko‘rilayotir. Shu bilan birga yangi bozorlarga chiqish — jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar, geosiyosiy holat va ehtiyojlar tahlillari asosida amalga oshiriladi. Xususan, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari O‘zbekiston agrosanoati uchun istiqbolli eksport yo‘nalishlari sifatida belgilangan.

Agrar sohada investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xususiy va xorijiy sarmoyani jalb etish eng muhim masaladir. 2025 yil yakunigacha sohaga 490,3 million dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu sarmoyalar, avvalo, texnologik yangilanish, zamonaviy texnikalar xaridi, yuqori qiymatli mahsulotlar yetishtirish, klasterlar doirasidagi infratuzilmani rivojlantirish va zamonaviy qayta ishlash korxonalarini tashkil etishga yo‘naltiriladi. Har bir investitsiya loyihasi bu – yangi ish o‘rinlari, yangi texnologiya, yangi bozor madaniyati degani. Bu jarayonda fermerlar, tadbirkorlar, ishchi-xodimlar va mahalliy aholi ham manfaatdor ishtirokchiga aylanadi.

Inson kapitali...

Agrar islohotlar bu oddiy islohot emas, balki  iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik tizimning qayta formatlanishi, uning har bir bo‘g‘inida barqaror mexanizmlar ishlashini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli jarayondir. Bu jarayonda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati nafaqat iqtisodiy segment, balki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi, aholi farovonligi va eksport salohiyatini belgilab beradigan strategik tarmoq sifatida yuksalmoqda. So‘nggi yillarda joriy etilgan klaster tizimi, raqamlashtirish, intensiv bog‘dorchilik, yuqori qiymatli qayta ishlash loyihalari 
va eksportni diversifikatsiya qilish kabi yondashuvlar bugun o‘z natijasini bermoqda. Ayniqsa, inson kapitaliga qaratilgan e’tibor — fermer 
va agrotexnolog, muhandis va logistikachi, eksportchi va tadqiqotchilarning malakasini oshirish orqali barqaror o‘sishning asosiy omiliga aylanmoqda.

Bugungi globallashgan dunyoda muvaffaqiyatga erishish uchun mamlakatimiz nafaqat miqdor ko‘rsatkichlari, balki raqobatbardoshlik, sifat, innovatsiya va shaffoflik mezonlari bo‘yicha ham oldinda bo‘lishi zarur. Shu bois agrar sohadagi barcha islohotlar — zamonaviy standartlar, xalqaro hamkorlik va bozor mexanizmlariga mos ravishda olib borilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, agrosanoat sohasidagi muvaffaqiyat bu nafaqat mahsulot, balki inson, ta’lim, texnologiya, axborot, shaffof boshqaruv va eng muhimi, umummilliy strategiyaga asoslangan ijtimoiy barqarorlikdir. O‘zbekiston agrosanoat siyosati aynan shunday strategik yondashuv asosida bunyod etilmoqda. Bu yo‘ldagi harakatlar izchil davom ettirilsa mamlakatimiz nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror agrar taraqqiyotning ishonchli namunasiga aylanadi.

Ibrohim Abdurahmonov, 

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri

O‘zA