Qishloq xo‘jaligi fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “Istiqlol” bazmgohida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tuman hokimi Bekzod Bobomurodov qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, erishilayotgan yutuqlar haqida gapirdi.
Tumanda jami yer maydoni 218 ming 519 gektar bo‘lib, 160 ming 950 gektar maydoni qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Uning 31 ming 301 gektari sug‘oriladigan maydonni tashkil etadi. 515 ta fermer xo‘jaligi, 6050 nafar dehqon xo‘jaligi, 29 ming nafarga yaqin tomorqa yer egalari mavjud.
2023 yilda g‘alla hosili uchun fermer xo‘jaliklari tomonidan “Sherbek kelajagi xususiy korxonasi” klasteri bilan 25 ming 348 tonna don sotish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzilib, amalda 25 ming 897 tonna don yetishtirilib, reja ortig‘i bilan bajarildi.
Shuningdek, fermerlar “Textile Navoiy Group” MCHJ bilan 26 ming 533 tonna paxta xomashyosi topshirish bo‘yicha shartnoma tuzishib, qabul punktlariga 27 ming 39 tonna paxta xomashyosi yetkazib berishdi.
Jumladan, “G‘olib” fermer xo‘jaligi 89,5 tonna o‘rniga 152 tonna, “Akram Sharif” fermer xo‘jaligi 45,8 tonna o‘rniga 70,3 tonna, “O‘rtacho‘l yulduzi 2018” fermer xo‘jaligi 93,5 tonna o‘rniga 141,3 tonna, “Safarobod bog‘i” fermer xo‘jaligi 280,9 tonna o‘rniga 350,2 tonna, “Kamoliddin” fermer xo‘jaligi 206,4 tonna o‘rniga 241,1 tonna paxta xomashyosi topshirib, ilg‘orlar safidan joy egalladi.
Yildan yilga aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida suvga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona va tejab foydalanishni taqozo etmoqda.
Bugungi kunda tumanda 2377,3 gektar maydonda tomchilatib, 997,7 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasidan foydalanilayotgan bo‘lsa, birgina joriy yilning o‘zida 387,7 gektar maydonga tomchilatib, 744,7 gektar maydonga yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatildi.
Tadbirda 60 nafarga yaqin soha fidoyisi hokimlikning faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
San’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar tadbir ishtirokchilariga bayram kayfiyatini ulashdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri