O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 martdagi «Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida»gi 121-son qarorida belgilangan topshiriqlarga asosan, Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi tomonidan, hududlarda 2021 yil hosili uchun sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini ekish hamda zarur miqdorda urug‘liklar bilan ta’minlanishi va joylarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib borilmoqda.
2021 yil hosili uchun asosiy maydonlarda 108 ming 726 gektarda sabzavot, 71 ming 506 gektarda poliz va 50 ming 740 gektar maydonda kartoshka ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu maydonlarda ekish uchun 1 ming 794 tonna sabzavot, 543,4 tonna poliz va 152 ming 220 tonna urug‘lik kartoshka urug‘ligi talab etiladi.
«O‘zagroinspeksiya»ning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan joriy yilning 22 aprel holatida sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari ekilishi tahlil qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, 73 ming 871 gektarda (68%) sabzavotlar, 36 ming 73 gektarda (50%) poliz va 31 ming 401 gektarda (62%) kartoshka ekinlari ekilganligi aniqlandi.
Jumladan, Sabzavot ekish ishlari Jizzax viloyatida 6 ming 448 gektar yoki 85 foiz, Sirdaryoda 7 ming 840 gektar yoki 94 foiz maydonlarda sabzavot ekinlari ekilgan bir paytda, Buxoroda 2 ming 500 gektar yoki 41 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ming 741 gektar yoki 44 foiz va Xorazm viloyatida 3 ming 624 gektar 57 foiz maydonlarda sabzavot ekilishi ta’minlangan xolos.
Poliz ekish ishlari Xorazm viloyatida 38 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzaxda 40 foiz hamda Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 42 foizni tashkil etmoqda.
Kartoshka ekish ishlari Surxondaryoda 3 ming 970 gektar yoki 96 foiz, Andijonda 3 ming gektar yoki 91 foiz va Buxoroda 500 gektar yoki 94 foiz maydonlarda kartoshka ekish ishlari amalga oshirilgan bir paytda, Farg‘ona viloyatida 2 ming 848 gektar yoki 37 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ming 245 gektar yoki 40 foiz maydonlarda ekish ishlari amalga oshirilgan xolos.
Bundan tashqari, «O‘zagroinspeksiya»ning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan 2021 yil hosili uchun ekiladigan maydonlarda yetishmaydigan urug‘liklarni ekish muddati tugamasdan import qilish choralarini ko‘rish bo‘yicha mahalliy hokimliklarga ogohlantirishlar berib borilmoqda.
Shuningdek, 2021 yil hosili uchun ekish maqsadida, 1 ming tonna mahalliy sharoitda tayyorlangan va 2 ming 90 tonna respublikamizga importyor korxonalar tomonidan olib kelingan urug‘lik kartoshkalarga muvofiqlik sertifikatini o‘z vaqtida kechiktirmasdan berish bo‘yicha «Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi» DUKga topshiriq xatlari yuborilib, bugungi kunda 2 ming 963 tonna urug‘lik kartoshkalardan namunalar olindi va laboratoriya tahlillari o‘tkazildi. Laboratoriya tahlili natijasiga ko‘ra 2 ming 410 tonna urug‘lik kartoshkalarga muvofiqlik sertifikati berilishi ta’minlandi.
Mazkur qarorning ijrosi yuzasidan, «O‘zagroinspeksiya» va uning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining ekish mavsumi davomida urug‘liklarni tegishli hujjatlarini mavjudligi, urug‘liklarni navi, avlodi va turi, urug‘liklarni davlat standarti talabi bo‘yicha saqlanishi hamda yetkazib berilishi va sifatli ekilishi ustidan nazorat olib borilmoqda hamda inspektorlar tomonidan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha inspeksiya vakolati doirasida sohaga aloqador bo‘lgan tashkilot rahbarlariga ogohlantirishlar, yozma ko‘rsatmalar va ma’muriy qarorlar qo‘llanilishi ta’minlanadi.
«O‘zagroinspeksiya» Axborot xizmati