So‘nggi kunlarda sinoptiklar tomonidan 10–12-mart kunlari ob-havo haroratining keskin pasayishi va sovuq tushishi ehtimoli haqida ogohlantirishlar berildi. Bunday sharoitda qishloq xo‘jaligi ekinlarini asrab qolish va ularga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni kamaytirish masalasi muhim o‘rin tutadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, https://gov.uz/oz/agro/news/view/111592 vazirlik hamda uning tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari tomonidan to‘qsonbosti usulida yetishtirilayotgan piyoz va boshqa ekinlarni sovuqdan himoya qilishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan va dehqon hamda fermerlarga yetkazilgan.
Unga ko‘ra, ayni paytda ko‘p yillik tajribaga ega dehqon va fermerlar ham o‘z amaliyotiga tayangan holda ekinlarni sovuqdan asrash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.
Qayd etilishicha, sabzavot ekinlari sovuqbardoshligiga qarab bir nechta guruhlarga ajratiladi. Birinchi guruhga sovuqbardosh va qishga chidamli ekinlar kiradi. Bular qatoriga piyoz, sarimsoqpiyoz, shovul, rovoch va yerqalampir kabi ekinlar kirib, ular ochiq sharoitda −10°S dan −15°S gacha bo‘lgan sovuqqa, qor qatlami ostida esa hatto −20°S dan −25°S gacha bo‘lgan haroratga bardosh berishi mumkin.
Shuningdek, ayrim sabzavot ekinlari qisqa muddatli sovuqlarga nisbatan tabiiy bardoshli bo‘lib, odatda ularni qo‘shimcha himoya qilish talab etilmaydi. Biroq sovuq kunlardan keyin ekinlarning holatini tiklash va ularni “stress” yoki “shok” holatidan chiqarish uchun bir qator agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish mumkin.
Bunday holatlarda ekinlarni qo‘shimcha oziqlantirish alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, mikroelementlar va aminokislotalarga boy preparatlardan foydalanish yaxshi samara beradi. Masalan, bor elementi mavjud bo‘lgan Viusid va Biotras kabi ozuqalarni barg orqali qo‘llash ekinlarning tiklanish jarayonini tezlashtiradi.
Shu bilan birga, o‘simliklarning o‘sish jarayonini rag‘batlantirish maqsadida tez ta’sir qiluvchi azotli mineral o‘g‘itlardan ham foydalanish tavsiya etiladi. Jumladan, sulfat ammoniya kabi o‘g‘itlar ekinlarning rivojlanishini faollashtirishda samarali hisoblanadi.
Bundan tashqari, vazirlikka ko‘ra, sovuq sharoitida issiqlikni saqlash choralarini ko‘rish lozim. Havo harorati past bo‘lgan paytlarda ekinlarni egat ustiga shaffof plyonka yopish orqali himoya qilish kerak. Bu usul o‘simlik atrofidagi haroratni ma’lum darajada saqlab turishga yordam beradi.
Bundan tashqari, tuproq namligini saqlash va sovuq ta’sirini yumshatish maqsadida sug‘orish ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish zarur. Nam tuproq esa issiqlikni yaxshiroq ushlab turadi va o‘simliklarning sovuqqa chidamliligini oshiradi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, barcha agrotexnik tadbirlar intensiv usulda va qisqa muddat ichida amalga oshirilishi kerak.
Bu kabi choralar nafaqat ekinlarni sovuqdan muhofaza qilishga xizmat qiladi, balki kelgusi hosildorlikni saqlab qolishda ham muhim omil hisoblanadi.
Shu tariqa, keskin sovuqlar kuzatiladigan davrlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini asrash uchun ilmiy tavsiyalar va amaliy tajribalarga asoslangan agrotexnik chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish juda muhim. Ekinlarning sovuqbardoshligini hisobga olgan holda to‘g‘ri parvarish qilish, ularni qo‘shimcha oziqlantirish, issiqlikni saqlash va tuproq namligini ta’minlash kabi tadbirlar dehqon va fermerlarga hosilni asrab qolish hamda yetishtirish samaradorligini oshirishda xizmat qiladi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA