O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi tarkibidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 13 ta urug‘chilik xo‘jaligi birlashtirilib, elita urug‘chilik korxonalari tashkil etiladi.
Qaror bilan:
savdolar orqali davlat ulushi to‘liq sotiladigan elita urug‘chilik korxonalarining ro‘yxati;
“Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” tarkibidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar bilan urug‘chilik xo‘jaliklarini birlashtirish orqali tashkil etilgan elita urug‘chilik korxonalarining 100 foiz davlat ulushidan 49 foizi ommaviy savdolar orqali sotiladiganlarining ro‘yxati tasdiqlandi.
Elita urug‘chilik korxonalarining davlat ulushi to‘liq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi va 2025 yildan boshlab ommaviy savdolarga chiqariladi.
Markazga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklanadi:
qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish, tayyorlash va ulardan foydalanishning zamonaviy tizimini shakllantirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini ichki va tashki bozorlarga milliy brend ostida sotishni yo‘lga qo‘yish maqsadida xususiy urug‘chilik korxonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga ko‘maklashish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining muqobil yangi navlari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish va tinim davrini to‘liq o‘tagan urug‘liklarni ekish maqsadida “tindirilgan urug‘liklar” zaxirasini yaratib borish;
qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari bo‘yicha bozor kon’yunkturasini prognoz qilib borish va zarur urug‘liklar turlarini (assortimenti) shakllantirishda ishtirok etish.
2025 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi ekinlarining (g‘o‘za, boshoqli don ekinlari va kartoshka) yangi navlarini sinash, birlamchi va avlodli urug‘chiligini tashkil etishning nav va duragaylarni sinash, g‘o‘za navining dastlabki urug‘chiligini tashkil etish, g‘o‘za navining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha tartib joriy etiladi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining sinovi bo‘yicha ma’lumotlarni va Davlat reyestrini elektron ko‘rinishda shakllantirish hamda yangilab borishning avtomatlashtirilgan “Agrotest.uz” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Ushbu qaror bilan Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlarini rivojlantirish bo‘yicha 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan dastur ham tasdiqlandi.
O‘zA