“Taraqqiyot strategiyasi” markazida takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” yo‘nalishi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Bunyod Tillaxo‘jayev so‘zga chiqib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilishi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, shu o‘rinda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining loyihasi muhokamasida keng jamoatchilikning faol ishtiroki belgilanayotgan vazifalarning yanada mukammal va xalqchil bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining aynan uchinchi ustuvor yo‘nalishi, ya’ni “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” yo‘nalishida ham maqsadli ko‘rsatkichlar joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, 2030 yilgacha mamlakatda atrof-muxit va suv resurslari masalalari bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilishi va nimalarga erishish lozimligi aniq maqsadli indikatorlar misolida belgilanmoqda.
[gallery-27281]
Qayd etilishicha, mamlakatimizda sug‘oriladigan ekin maydonlari 4,3 million gektarni tashkil etsa, 2025 yil oxiriga kelib 2,6 million gektar maydon, ya’ni sug‘oriladigan yerlarning 60 foizi suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olindi. Yangilanayotgan Strategiyada 2030 yilgacha qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilmoqda.
Strategiyaning yangi loyihasida maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari yillar kesimida aniq belgilab berilmoqda. Moliyaviy manbalar va mas’ul idoralar aniq ko‘rsatilmoqda.
Tadbirda so‘z olgan O‘rmon va yashil xududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi vakili Hojimurod Tolipov mamlakatimizni yashillashtirish va o‘rmon xududlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha so‘z yuritdi. Xususan, o‘tgan 2020-2025 yillarda 13 ming 207 gektar ihotazorlar barpo etilgan bo‘lsa, kelgusi 5 yillik davrda bu ko‘rsatkich 16 ming gektarga yetadi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy ko‘mitasi vakili Aqlbek Normirzayev o‘z ma’ruzasida, chiqindilarni qayta ishlash, atmosfera zararlanishining oldini olish va umuman atrof-muxitni yaxshilash hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga oid masalalar bo‘yicha gapirib o‘tdi.
Matbuot anjumani yakunida mas’ullar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
O‘zA