Buxoro viloyatida 1 million 291 ming bosh qoramol, shundan 408 ming bosh sigir, 2 million 245 ming bosh qo‘y va echki, 5 million 913 ming bosh parranda va 186 ming bosh quyon parvarishlanmoqda.
Viloyatda bevosita chorvachilik yo‘nalishida 537 ta fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Qishloq xo‘jaligi korxonalarida parvarishlanayotgan qoramollar ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 13,9 ming gektar ekin yeri ajratib berilgan. Joriy yil dastlabki oyi bilan go‘sht ishlab chiqarish hajmi 262,3 ming tonnaga yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53 ming tonnaga oshgan. Sut ishlab chiqarish hajmi esa 1 million 16 ming tonnani tashkil etgan. 2020 yilda chet davlatlardan olib kelingan zotdor 4,1 ming bosh naslli qoramollardan 1,8 ming bosh naslli buzoq olingan. Har bir zotdor sigirdan kuniga o‘rtacha 23 litrdan sut sog‘ib olinmoqda.
Buxoro viloyati Kogon tumani «Hukumatobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi «Dehmirzayon chorva» qoramolchilik-bo‘rdoqichilik fermer xo‘jaligida tashkil etilgan o‘quv seminarida shular haqida ma’lumot berildi.

Seminarda soha mutasaddilari oldida turgan dolzarb vazifalar, qilinishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, yechimini kutayotgan muammolarga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatda 2021 yilda chorvachilik sohalarini yanada rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, chetdan naslli mollarni olib kelish, sun’iy urug‘lantirish, veterinariya xizmatlarini amalga oshirish, quyonchilik, baliqchilik va asalarichilik yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish ishlari muhokama qilindi.
O‘quv amaliy seminarda «Dehmirzayon chorva» fermer xo‘jaligi ish tajribasi misolida barcha tumanlarda chorvachilikni rivojlantirish, chorvachilikka ixtisoslashayotgan xo‘jaliklar duch kelayotgan muammolar, imtiyozli kredit ajratish masalalarini birinchi navbatda hal qilish zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilarning qayd etishicha, joriy yilda viloyatda umumiy qiymati 531,1 milliard so‘mlik 176 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan bank krediti 215,3 milliard so‘mni va xorijiy kredit liniyasi 25,7 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Viloyatda «Har bir oila tadbirkor», «Yoshlar kelajagimiz» Davlat dasturlari ijrosi doirasida aholiga 21,9 ming bosh qoramol yetkazib berilgan. Bu minglab oilalarning daromadli bo‘lishiga imkon yaratdi. 2021 yil 1 yanvar holatiga parvarishlanayotgan parranda bosh soni 5,9 milliontaga yetkazilgan. Parrandachilik tarmog‘idagi barcha toifa xo‘jaliklarida 541,9 million dona tuxum ishlab chiqarilgan. Hozirda viloyatda 47 ta (shundan 6 tasi go‘sht yo‘nalishida) parrandachilik xo‘jaligi mavjud. Ularga 940,7 gektar ozuqa yer maydoni ajratilgan. Viloyatdagi 13 ta parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan aholiga 1,3 million bosh parranda tarqatilmoqda. Bu 1 ming 302 nafar aholining bandligini ta’minlash imkonini beradi.

Viloyatda baliqchilik, quyonchilik, asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA