Munosabat
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi tarmog‘i nafaqat aholi hayoti sifatini belgilab beruvchi omil, balki iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi strategik drayver sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan agrar islohotlar, davlat siyosati darajasida belgilangan ustuvor maqsadlar, sohaning zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un rivojlanishi – bularning barchasi mamlakat agrosanoat kompleksini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Qishloq xo‘jaligi, bu faqat yer va suv resurslaridan foydalanish emas, balki iqtisodiyot, jamiyat va ekologiya chegarasida joylashgan hayotiy strategik tizimdir. O‘zbekiston uchun esa u tarixan xalqning turmush tarzi, mehnat madaniyati va milliy iqtisodiy barqarorlik poydevorini tashkil qilib kelgan. Bugungi global raqobat sharoitida ushbu sohani zamonaviy talablarga mos ravishda transformatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish madaniyatini shakllantirish va xalqaro bozorlarda munosib o‘rin egallash – davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Agrosanoatni rivojlantirish milliy strategiyasi (2020–2030) va unga muvofiq ishlab chiqilgan davlat dasturlari, qonun hujjatlari hamda amaliy tashabbuslar sohada tub burilish yaratishga xizmat qilmoqda. Bu islohotlar nafaqat iqtisodiy faollikni oshirish, balki qishloq joylardagi turmush sifati, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik muvozanatni ta’minlashga ham yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu jihatdan, 2025 yilning birinchi yarim yilligida qishloq xo‘jaligi
va oziq-ovqat sanoati sohalarida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yil yakuniga qadar rejalashtirilgan vazifalarni tahlil etish nafaqat sohaviy ahamiyatga ega, balki milliy taraqqiyotning umumiy salohiyatini baholashda ham muhim mezon hisoblanadi.
Amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘zagida ilm va innovatsiya, shaffof boshqaruv, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, eksportbop mahsulot yetishtirish va inklyuziv rivojlanish kabi tamoyillar yotadi. Bugun O‘zbekiston agrar siyosati ko‘lamidagi o‘zgarishlar nafaqat ichki ehtiyojlarni qondirish, balki xalqaro oziq-ovqat zanjirida ishonchli hamkor sifatida qatnashish maqsadini ham ko‘zda tutmoqda.
Shu munosabat bilan joriy yilning birinchi yarim yillik natijalariga nazar tashlash, aniq raqamlar, tizimli tahlil va istiqboliy vazifalar orqali umumiy salohiyatimizni baholash va kelgusidagi harakatlar yo‘nalishini belgilash – muhim ahamiyat kasb etadi.
Natijaviy yondashuv: hosildorlik va samaradorlik o‘sishi
Joriy yilning birinchi yarim yilligida qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulot hajmi 4,0 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkich bir qarashda oddiy statistik raqamdek tuyulishi mumkin. Ammo uning ortida agrosohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ilmiy yondashuv asosida qabul qilinayotgan qarorlar va qishloq xo‘jaligida yangi tafakkurning shakllanib borayotgani mujassam.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligidagi o‘sish ko‘rsatkichlari tasodif emas, balki aniq hisob-kitob, tizimli mehnat va davlat tomonidan yaratib berilayotgan qulay sharoitlarning mantiqiy natijasidir. Xususan, resurs tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi, yerdan samarali va oqilona foydalanish, fermer xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar – bularning barchasi mazkur o‘sishning asosiy omillaridir.
Shuningdek, 896 ming gektar maydonda takroriy ekinlar joriy etilgani – bugungi kunda agrotexnik jarayonlarni optimallashtirish va yer resurslaridan maksimal samara bilan foydalanishga qaratilgan yondashuvlar amalda o‘z samarasini berayotganidan dalolat. Bu nafaqat umumiy mahsulot hajmini oshirish, balki aholining iste’mol ehtiyojini tezkor ta’minlash, bozorda narx barqarorligini saqlash va qo‘shimcha eksport imkoniyatlarini kengaytirishga asos yaratadi.
Agrosohadagi eng muhim innovatsiya yutuqlaridan biri 80 ming gektarda tomchilatib sug‘orish tizimining joriy etilishidir. Suv resurslarining cheklanganligi sharoitida bu kabi texnologiyalarning joriy etilishi strategik ahamiyatga ega. Ilmiy tahlillar va amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur usul suv sarfini 30–40 foizgacha kamaytiradi va hosildorlikni, ayniqsa, sabzavot va mevazorlar segmentida 20 foizgacha oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, tomchilatib sug‘orish tuproq eroziyasi va sho‘rlanishining oldini olish, yer unumdorligini saqlash hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashning samarali vositasidir.
Bog‘dorchilik va uzumchilikda ham katta salohiyat yuzaga chiqmoqda. Hisobot davrida 14,2 ming gektar maydonda yangi intensiv bog‘lar tashkil etildi. Intensiv bog‘lar, bu zamonaviy agrotexnologiyalar, yuqori sifatli ko‘chatlar, zich joylashuv sxemalari va faqatgina ichki bozor emas, balki eksport talablariga javob beradigan mahsulotlar yetishtirish tizimidir. Bunday bog‘lar bir necha yil ichida o‘z samarasini bera boshlab, fermerlar uchun barqaror daromad manbai, qayta ishlash korxonalari uchun xomashyo, aholi uchun esa sifatli va xavfsiz oziq-ovqat kafolatini ta’minlaydi.
Bu jarayonda agrar ta’lim va ilmiy muassasalarning o‘rnini ham alohida ta’kidlash lozim. Bog‘dorchilik, sug‘orish va takroriy ekinlar bo‘yicha ilmiy tavsiyalarning amaliyotga joriy etilishi, agrokimyo, agronomiya
va agroinjeneriya sohalaridagi bilimlarning qo‘llanilayotgani samaradorlikni yanada oshirmoqda.
Oziq-ovqat: sanoatlashuv va eksport dinamikasi
Bugungi global oziq-ovqat bozorida jadal raqobat, xalqaro sanitariya-gigiyena talablarining oshib borishi va iste’molchi talabining murakkablashishi sharoitida O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati o‘zining strategik mavqeini tobora mustahkamlab bormoqda. 2025 yilning birinchi yarim yilligida sohada 79,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib,
7,2 foizlik o‘sishga erishildi. Bu ko‘rsatkich nafaqat sanoatlashuv sur’atlarining yuqoriligini, balki ichki va tashqi bozor ehtiyojlariga aniq javob qaytarilayotganini ham anglatadi.
O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatidagi bu o‘sishfaqatgina raqamlar bilangina emas. Bu har bir qayta ishlash korxonasida ishlayotgan minglab mehnatkashlar zahmati, mahalliy xomashyoning qayta ishlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylanayotganining yaqqol tasviridir. Bu o‘sish eksportbop, sifatli, qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarning ko‘payib borishi, ishlab chiqarish jarayonlarining raqamlashtirilishi va global standartlarga moslashuv natijasidir.
2025 yilning birinchi yarim yilligida oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 473 million AQSH dollariga yetdi. Bu yana bir muhim muvaffaqiyatdir. Sabzavotlar, meva va rezavorlar, quruq mevalar, sharbat va nektarlar, konservalangan mahsulotlar – bugungi kunda nafaqat mahalliy iste’mol bozorining asosiy qismi, balki xalqaro savdoning eksportbop drayverlari hisoblanadi.
Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, BAA, Saudiya Arabistoni va Yevropa mamlakatlari asosiy bozor sifatida qayd etildi.
Bu mamlakatimizda mahsulot sifatini oshirish, xalqaro standartlar talablariga javob beradigan ishlab chiqarish tizimini yaratishga qaratilgan siyosatning samarasidir.
Ayni paytda eksport geografiyasining kengayishi oziq-ovqat sanoatida turli bo‘g‘inlarda xalqaro talablarga javob beradigan ishlab chiqarish madaniyatini shakllantirishni talab etmoqda. Shu bois 1 506 ta korxonada ISO 22000, HACCP va boshqa xalqaro standartlarning joriy etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi standartlar oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozorida ishonchli eksportyor sifatida tan olinishiga imkon yaratadi.
Aynan standartlashtirish va sertifikatlashtirish jarayonlari orqali milliy mahsulotlarga “Made in Uzbekistan” brendi bilan yuqori talab shakllanmoqda. Bu – mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xalqaro logistika tizimlariga integratsiya qilish, eksport shartnomalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzish va tashqi bozorlarda barqaror ishtirok etish imkonini beradi.
Shu bilan birga, oziq-ovqat sanoatidagi sanoatlashuv nafaqat eksport, balki ichki bozor xavfsizligini ta’minlash, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qoplashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda respublika bo‘ylab yirik agroiqtisodiy zonalarda qayta ishlash korxonalari, muzlatgich va saqlash omborlari, logistika markazlari yaratilmoqda. Bu infratuzilmaviy rivojlanish – ishlab chiqaruvchi
va iste’molchi o‘rtasidagi bog‘lanishni qisqartiradi, mahsulotni yo‘qotishsiz va sifatli yetkazish imkonini beradi.
Yana bir muhim jihat – mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijiy savdo tarmoqlari va marketpleyslarga chiqishini rag‘batlantirish, agrosanoat mahsulotlari uchun onlayn savdo kanallarini yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda. Bu esa raqobatbardoshlikni oshirish, yangi bozorlarga tezkor kirish, eksportyorlar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda oziq-ovqat sanoati nafaqat ishlab chiqarish, balki iqtisodiy diversifikatsiya, valyuta tushumlarini oshirish va mintaqaviy rivojlanish nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Ibrohim ABDURAHMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri.
O‘zA