Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xoʻjalik sohasida ixtisoslashtirish oʻz samarasini beradi...
12:46 / 2020-05-14

Yerni boqsang, yer seni, oilangni, butun yurtni boqadi.


Yerni boqsang, yer seni, oilangni, butun yurtni boqadi. Bu har qadamda isbotini topayotgan haqiqat.

Prezidentimizning joriy yil 11-maydagi “Respublika hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham yerdan, tomorqadan unumli foydalanish ishlarini yana-da yuqori bosqichga koʻtarishda muhim uchun yangi qadam boʻldi.

Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini koʻpaytirish orqali ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash hamda mamlakatning eksport salohiyatini oshirish maqsadida ekin maydonlarini kengaytirish ishlari anchagina ilgariladi. Tumanlarni meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish, mahsulot yetishtiruvchilarni meva-sabzavotchilik klasterlari hamda kooperatsiyalarga birlashtirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Jahon bozori talablariga javob bera oladigan raqobatbardosh qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda hududlarni ixtisoslashtirish oqilona ekanligi bugun yaqqol isbotini topayotir. Shuning uchun ham bu yoʻnalishdagi vazifalar sezilarli darajada ortmoqda.

Sohada tizimli ishlar jadallik bilan olib borilayotgan boʻlsa-da, viloyatlarda hududlarning salohiyatidan samarali foydalanishda bir qadar sustkashlik koʻzga tashlanadi. Davlatimiz rahbari ana shu kamchiliklardan kelib chiqib eksperiment tariqasida 2020-2022-yillar davomida Jizzax viloyatining jami 116,3 ming gektar qoʻshimcha yer maydonlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish tashabbusini ilgari surdi. Bu borada aniq taklif va dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Toʻgʻri, mazkur yoʻnalishda ishlar ancha avvalroq boshlangan edi. Masalan, Andijon viloyatida ixtisoslashuv tizimli yoʻlga qoʻyilmoqda. Yildan-yilga ekin maydonlarida sabzavotchilik, polizchilikka ixtisoslashuv bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda. Misol tariqasida viloyatning Asaka tumanini olaylik. Ayni vaqtda tumandagi asosan intensiv bogʻdorchilik va sabzavotchilikka ixtisoslashuv oʻzini oqlamoqda. Albatta, yer maydonlari ixtisoslashuvidan kelib chiqib tanlangan ushbu ekinlar hozirda ustuvor ravishda raqobatbardosh qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga aylanib ulgurgan. Ularni yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish jarayoni ham innovatsion va resurstejamkor texnologiyalarni qoʻllash orqali yuzaga chiqmoqda.

Tashabbuskor dehqonlar, yer egalari va fermerlar yangi-yangi gʻoyalarni taklif qilmoqda. Bundan tashqari, aytaylik, boshqa tumanlarda ham tuprogʻining unumdorligi, yerning holati, suv masalalari boʻyicha meʼyorlari hisobga olinib, ixtisoslashuv tashkil etilmoqda.

Ulugʻnor tumani viloyatning chekka hududi. Tan olish kerak, sanoatlashuv boʻyicha muammolari yetarli. Biroq bugun bu yerda viloyat hokimi tashabbusi bilan Andijon baliqchilikka ixtisoslashgan klasterlar faoliyatini yana-da kengaytirish maqsadida 100 gektar maydonda intensiv usulda baliq yetishtirish ishlari boshlab yuborilgan. Dastlab mavjud yerlar holati oʻrganilib, belgilangan hududlar ajratildi. Ushbu maydonni baliqchilikka moslashtirish, suv chiqarish va elektr tarmogʻini tortib kelish maqsadida simyogʻochlar oʻrnatish ishlari amalga oshirildi. Bu ham yerdan unumli foydalanish, shu bilan birga hududdagi aholini ish bilan taʼminlash va oilalarni kambagʻallikdan chiqarish maqsadlariga xizmat qiladi.

Endilikda Jizzax viloyatida ham bu kabi ishlar yuqori bosqichga koʻtarilishi koʻzda tutilmoqda. Ixtisoslashtirilayotgan hududlarda yaxlitlikka jiddiy eʼtibor qaratgan holda qishloq xoʻjaligi ekinlarining turlariga qarab plantatsiya shaklida eksportbop ekin turlarini joylashtirish va yetishtirishda tegishli vazifalar belgilandi. Masalan, Prezidentimiz qayd etganidek, Zomin tumanida suv taʼminoti va infratuzilmasi mavjud. Dengiz sathidan 1-1,5 ming metr balandlikda boʻlgan Qoramozor hududidan 20 gektar yer maydonida sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka yetishtirish imkoni bor. Shuning uchun mazkur yer maydoni ayni maqsad uchun ilmiy-tadqiqot instituti balansiga oʻtkazilishi maqsadga muvofiq. Bu bilan foydalanilmay turgan yerdan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyiladi. Shu bilan birga sohada ilmiy izlanishlar oʻtkazilishi uchun qulayliklar yaratiladi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning tub negizida barcha sohalarda boʻlgani kabi inson manfaatlari mujassam. Ayniqsa, keyingi sinovli davrlar bu haqiqatni yana bir bor isbot etdi. Karantin vaqtida qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojning keskin ortishi, eksportga ham yetkazib bera olish salohiyati bu yoʻnalishda yana koʻplab islohotlarni joriy etishni talab qildi. Mazkur qarorda birgina Jizzax viloyati misolida vazifalar belgilangani bilan aslida barcha viloyatlar uchun ham bu borada amalga oshirilishi zarur ishlar yuzasidan topshiriqlar belgilab berildi.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati