Qishloq xoʻjaligiga Avstriya texnologiyalari jalb etiladi
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligining pasayishi, baʼzi hollarda esa butunlay boy berilishi suv taqchilligi muammosi bilan bogʻliq.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligining pasayishi, baʼzi hollarda esa butunlay boy berilishi suv taqchilligi muammosi bilan bogʻliq. Bu vaziyatni bartaraf etish uchun sugʻorish tizimida tejamkor texnologiyalarni joriy etish, har bir tomchisi tilloga teng obi-hayotni behuda isrof boʻlishining oldini olish talab etiladi.
Shu sababdan soʻnggi yillarda yurtimizda qishloq xoʻjaligi sohasiga suvtejamkor, energiyatejamkor texnologiyalar tobora koʻproq jalb etilmoqda.
Kuni kecha Ohangaron tuman hokimligida chorvachilik komplekslari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirokida oʻtgan seminar ham aynan mana shu mavzuga bagʻishlandi.
Unda tomchilatib sugʻorish usuli oʻzining yuqori samaradorligi, yaʼni suv resurslari cheklanganlik sharoitida kam suv sarflab, barqaror yuqori hosil olish imkonini berishi bilan ajralib turishi, shuningdek, tuproqning namligi va uni yaratish uchun berilayotgan suv miqdori boshqarilgan holda, suv har bir ekinning maʼlum davrdagi ehtiyojiga mos ravishda dala boʻylab bir tekisda taqsimlanishi haqida fikr yuritildi.
Tadbirda Avstriya davlatining BAUER GmbH kompaniyasi tomonidan mamlakatimiz fermerlari uchun taklif etayotgan loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
90 yildan buyon faoliyat koʻrsatib kelayotgan ushbu kompaniya oʻzida 17 ta kompaniyani birlashtirgan boʻlib, suvtejamkor va energiyatejamkor texnologiyalarni dunyo boʻylab joriy etishda ilgʻorlar qatorida turadi. Ayni damda mazkur kompaniya mamlakatimizning Toshkent, Jizzax, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
BAUER GmbH kompaniyasi tomonidan ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun klaster va fermer xoʻjaliklariga qulay shartlar asosida, xususan, foiz stavkasi 4 foiz, dastlabki badal 10 foiz boʻlgan, 2 yil imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga lizing shartnomalari taklif etilmoqda.
Mazkur texnologiyalarni joriy etish orqali sugʻorishdagi tejamkorlik 40 foizgacha, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari sarfi 30 foizgacha, qoʻl mehnati esa 90 foizgacha qisqaradi. Texnologiyaning ekspluatatsiya davri esa 20-25 yilgacha.
Mutaxassislarning fikricha, yomgʻirlatib sugʻorish tizimlarini yoʻlga qoʻyish orqali gʻalla hosildorligi 15 foizga, makkajoʻxori, beda, moshniki 20 foizga, kartoshka esa 25 foizga ortadi.
Ushbu loyiha tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Oʻylaymizki, tumanimizga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish orqali yuqori hosildorlikka erishish bilan bir qatorda, ayni kunda dolzarb boʻlib turgan suv tanqisligi muammosiga ham barham beriladi.
Elyor OʻTBOSOV,
Ohangaron tuman hokimligi
Axborot xizmati rahbari.