Qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi navlariga oid qoʻllanma nashr etilmoqda
Oʻsimlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan “Qishloq xoʻjalik ekinlari yangi navlarini ishlab chiqarishga joriy etish” mavzusida yangi tavsiyanoma tayyorlandi va chop etishga topshirildi.
Oʻsimlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan “Qishloq xoʻjalik ekinlari yangi navlarini ishlab chiqarishga joriy etish” mavzusida yangi tavsiyanoma tayyorlandi va chop etishga topshirildi.
Bu haqda Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi matbuot markazi OʻzAga xabar berdi.
Respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida yangi navlar, duragaylar yaratishning asosi boʻlgan oʻsimliklar genetik resurslarini boyitish, saqlash va undan samarali foydalanishga alohida eʼtibor berilmoqda. Soha mutaxassislari tomonidan mutazam ravishda qishloq xoʻjalik ekinlari navlari majmuini takomillashtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Tavsiyanomada qishloq xoʻjalik ekinlarining 22 turi 66 ta nav tavsifi keltirilgan. Ularni ishlab chiqarishga joriy etish tavsiya etiladi.
Ushbu tavsiyanomada turli poliz, meva-sabzavotlar, moyli ekinlar, danak mevali ekin navlari, gilos klon payvandtaglari, gilosning introduksiya qilingan istiqbolli navlari xususida batafsil maʼlumot berilgan. Shuningdek, navlarning hosildorligi, sifat va texnologik koʻrsatkichlari, nav agrotexnikasi, oʻsuv davri, ekish, oʻgʻitlash hamda sugʻorish meʼyorlari boʻyicha qiziqarli axborotlar keltirilgan.