Agrar va suv xo‘jaligi tizimi mamlakat iqtisodiyotining eng muhim tarmog‘i bo‘lib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois mazkur sohalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga respublika byudjetidan 2024 yilda 1 trillion 716,2 milliard so‘m ajratilgan. Shundan vazirlik va tizimdagi respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan 128 ta tashkilotning 1 trillion 693,1 milliard so‘mlik xarajatlar smetasi ro‘yxatga olingan. 2024 yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi rivojlantirish dasturlari bo‘yicha ajratilgan mablag‘larning yillik aniqlangan rejasi 829,7 milliard so‘mni tashkil etib, shundan, 784,6 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda aytib o‘tildi. Unda Suv xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklarining “Byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlar ijrosi, subsidiyalardan samarali foydalanish hamda sohada jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash to‘g‘risida”gi axborotlari eshitildi.
Mutasaddilarning qayd etishicha, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 119,4 mlrd. so‘m, import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun 58,3 mlrd. so‘m subsidiyalar ajratilgan. Shuningdek, 2025 yilning hisobot davrida Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun 1 798,9 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 2025 yilning 1-choragida nazarda tutilgan reja 76,5 foizga o‘zlashtirilgan.

Suv xo‘jaligi vazirligi axborotida keltirilganidek, vazirlikka rivojlantirish dasturi va maqsadli indikatorlar uchun 2024 yilda 10 440,1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘lar paxta xomashyosini yetishtiruvchilar tomonidan tomchilatib va diskret sug‘orish tizimini joriy etish, suv sarfini kamaytirish, nasos stansiyalari orqali sug‘oriladigan yer maydonlarini kafolatli suv bilan ta’minlash, ob’ektlarni loyihalashtirish, irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarida suvning yo‘qolishini kamaytirish, suv inshootlarining texnik holatini yaxshilash hamda sug‘oriladigan yer maydonlarini kafolatli suv bilan ta’minlash uchun yo‘naltirilgan.
Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilganlarga subsidiyalar ajratib berilayotgani aytib o‘tildi. Xususan, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlarga suv o‘lchash uskunalari o‘rnatilganda suv solig‘idan 50 foiz imtiyoz qo‘llanilmoqda. Natijada paxta maydonlarida joriy qilingan tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyalari uchun qishloq xo‘jaligi korxonalariga 2019-2024 yillarda 1 trillion 366 million so‘m ajratilgan.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, joriy yilning iyun oyigacha Qishloq xo‘jaligi vazirligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va “edo.ijro.uz (https://edo.ijro.uz/)” elektron tizimi orqali 816 ta murojaat kelib tushgan. Suv xo‘jaligi vazirligiga esa 2025 yilning 5 oyida 1 ming 562 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning aksariyati o‘z yechimini topgan.
Muhtarama Komilova,
O‘zA