Qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning holati va istiqbollari deputatlar e’tiborida
Joriy yilning 17-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 17-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vaziriga “O‘zbekistonda suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanish holati va uning samaradorligini oshirish istiqbollari, qishloq xo‘jaligi korxonalarida zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida”gi masala yuzasidan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan yuborilgan parlament so‘rovi bo‘yicha axborotni eshitdilar.
Tadbirda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va muassasalarning vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Qonunchilik palatasi tomonidan qishloq va suv xo‘jaligi vaziriga yuborilgan parlament so‘rovida “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan suvni tejovchi texnologiyalarni va ilg‘or sug‘orish texnikasini joriy etish orqali sug‘orish vositalari va uskunalarini takomillashtirishga qaratilgan normalarning vazirlik tomonidan bajarilish holati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 19-apreldagi “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining amaldagi ijrosi, shuningdek, mamlakatimizda suvni tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish hamda ularni joriy etishni jadallashtirish maqsadida amaldagi me’yoriy hujjatlarni yanada takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berilishi so‘ralgan edi.
Vazirning axborotini eshitib deputatlar ta’kidladilarki, o‘tgan yillar mobaynida vazirlik tomonidan mazkur masala yuzasidan bir qator tashkiliy va amaliy ishlar bajarilgan. Xususan, suv resurslaridan samarali va mukammal foydalanish, ularni muhofaza qilish, saqlash va iste’molchilarga yetkazib berishni tashkil etish borasidagi vazifalarni hal qilishda suv xo‘jaligining gidrotexnik va boshqa muhandislik inshootlarini, suv resurslarini avtomatik boshqarish kabi tizimlardan keng foydalanilgan.
Respublika suv xo‘jaligi 180 ming kilometrlik sug‘orish tarmoqlarini, 160 mingta suv xo‘jaligi inshootini, 800 ta yirik inshootni, yillik elektr energiyasi sarfi 8 milliard 200 million kVt soat bo‘lgan 1496 ta nasos stansiyasini, 19 milliard kubometrdan ziyodroq hajmga ega bo‘lgan 55 ta suv omborini, 4124 ta sug‘orish tik qudug‘ini o‘z ichiga oladi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qarorni bajarish borasida 2013-2015-yillar davomida 2575 kilometr uzunlikdagi kollektor tarmoqlari rekonstruksiya qilindi va qurildi. 36 ming 957 kilometr uzunlikdagi ochiq va 1 ming 564 kilometr yopiq gorizontal drenaj tarmoqlari ta’mirlandi va tiklandi. “O‘zmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi orqali 477 dona zamonaviy meliorativ texnika va mexanizmlar xarid qilindi.
Shu bilan birga, 2013-2015-yillarda jami 890 kilometr uzunlikdagi kanallarda, 193 kilometr lotok tarmoqlarida, 42 ta gidrotexnik inshootda, umumiy quvvati 32,9 m³/s bo‘lgan nasos stansiyalarida, 323 million m³ sig‘imli suv omborlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining axborotida qayd etildiki, zamonaviy sug‘orish texnika va texnologiyalarini joriy etish borasida o‘tgan yillar davomida respublika bo‘yicha 18,5 ming gektar maydonga tomchilatib sug‘orish tizimi, 18,4 ming gektar yerga egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish tizimi, 16,3 ming gektar maydonda egatlarga plyonka to‘shab sug‘orish usullari joriy etilib, ulardan samarali foydalanib kelinmoqda.
Deputatlar vazirlikning mazkur sohadagi faoliyatini amalga oshirishda mavjud imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanish, vazirlik tizimidagi mutasaddi idoralarning mas’uliyatini oshirish lozimligini, davlat byudjeti hisobidan ajratilayotgan mablag‘lardan to‘liq va samarali foydalanishga erishish, sohaga chet el investitsiyalarini kengroq jalb qilish, shuningdek, mamlakatimizda suvni tejaydigan boshqa zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlarni yanada kuchaytirish, mazkur sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdilar.
Muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olingan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirining axborotini ma’lumot uchun qabul qildi.
Parlament so‘rovi yakunlari bo‘yicha Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasining Axborot xizmati