Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Qishloq qurilish bank»ning Yangiobod filiali yangi binosi foydalanishga topshirildi
16:03 / 2021-02-18

“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan jurnalistlar uchun press- tur tashkil etildi.

«Qishloq qurilish bank» mijozlarga qulaylik yaratish, aholini zamonaviy bank xizmatlari bilan ta’minlash maqsadida o‘z infratuzilmalari faoliyatini takomillashtirib bormoqda. Respublika hududlarida bank infratuzilmalari tarmog‘i kengaymoqda va bank filiallari zamonaviy bank texnologiyalari bilan jihozlanmoqda.

Bankning Jizzax viloyati Yangiobod tumani filiali yangi ma’muriy binoda ish boshladi. “Qishloq qurilish bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Kozim Ismoiliy, Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev   va boshqalar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston bank tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohot va yangilanishlar “Bank - mijoz uchun” tamoyili asosida banklar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqayotganini qayd etdi.

Yangiobod Jizzax viloyatining eng chekka tumanlaridan biri hisoblanadi. Mazkur tuman fuqarolari ilgari tuman markaziga 45 kilometr yo‘l bosib, bank xizmatlaridan foydalanardi.  E’tiborli jihati shundaki, «Qishloq qurilish bank» Yangiobod filiali tumandagi yagona bank hisoblanar ekan. Mazkur bank qurilishi uchun 7 milliard 200 ming ajratilgan. Zamon talablariga javob beradigan bino bank xizmatiga oid barcha jihozlar bilan jihozlangan.

–  Yangiobod tumanida 8  mahalla bo‘lib, ularda 28 ming 400 fuqaro istiqomat qiladi, – deydi «Qishloq qurilish bank» Yangiobod filiali boshqaruvchisi Ixtiyor Hasanov. – Bankimiz ilgari eski binoda faoliyat olib borayotgan edi. Xizmat turlari ham cheklangandi. Shu sababli aholi tuman markazlariga qatnashardi. Bugun yangi binoda ish boshladik. Yangi  binoda yaratilgan qulayliklar hisobiga endilikda bank mijozlari buxgalteriya hisob-kitoblari, valyuta ayriboshlash, pul o‘tkazmalari hamda  turli to‘lovlar bilan bog‘liq zarur xizmatlardan shu yerning o‘zida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Elektron navbat tizimining mavjudligi esa bank xodimlari va mijozlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Filialning zamonaviy bank texnologiyalari bilan jihozlangani esa, sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshiradi. 2021 yilda yirik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, uzumchilikka ixtisoslashtirilgan klasterni tashkil qilmoqchimiz. Mazkur loyihaga bank tomonidan 10 milliardlik kredit mablag‘ ajratildi. Mazkur mablag‘ga 560 gektar yer maydoniga uzum ekildi. Yana yil oxirigacha 400 gektar uzum ekishni rejalashtirmoqdamiz. Maqsadimiz tumandagi ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash, turmushini yaxshilashdan iborat. Shuningdek, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 6 milliardlik uzoq muddatli kreditlar ajratildi. Bundan tashqari, joriy yilda  80 nafar yosh oila uchun uzoq muddatli arzonlashtirilgan uyga kredit ajratildi. Mazkur xonadonlar yil oxirigacha o‘z egalariga topshiriladi.

«Qishloq qurilish bank» kelgusida ham o‘z infratuzilmalari faoliyatini takomillashtirish orqali mijozlar ishonchini qozonish, tadbirkorlar faoliyatini rag‘batlantirish, qo‘llab- quvvatlash va aholi daromadlarini oshirishga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonamiz.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA