O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ATB “Qishloq qurilish bank”ning 2021 yildagi faoliyati hisobotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bank tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash va ularning ommabopligini ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘layotgani ta’kidlandi.
ATB “Qishloq qurilish bank” faoliyati mazkur farmonga asosan tasdiqlangan 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi asosida tashkil qilinmoqda.
Anjuman avvalida bank tuzilmalari rahbarlari 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar va o‘zgarishlar bo‘yicha ma’ruza qilishdi. Xususan, bank tomonidan biznesni rivojlantirish uchun ajratilgan kreditlar, hududiy dasturlar va bankning investitsion faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.
So‘nggi 5 yil davomida ATB “Qishloq qurilish bank” tomonidan ajratilgan kreditlar qoldig‘i 3,1 barobarga oshib, kredit qo‘yilmalarining tarkibi ham tubdan o‘zgardi. Ushbu davrda kredit portfeli tarkibida tadbirkorlik sub’ektlarining investitsiya loyihalari va ularni aylanma mablag‘lar bilan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalari 18 foizdan 47 foizga yetdi yoki 8,3 barobarga oshdi.
Bankning kredit qo‘yilmalari 2021 yil boshiga nisbatan 3 trillion 714,4 milliard so‘mga yoki 27,1 foizga ko‘payib, joriy yil 1 yanvar holatiga 17 trillion 419,4 milliard so‘mni tashkil etdi. O‘z navbatida, kredit qo‘yilmalarining muddatlari bo‘yicha ham bank tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berib, qisqa muddatli kredit qo‘yilmalari 1 trillion 511,1 milliard so‘m yoki umumiy qo‘yilmaning 9 foiziga yetdi.
Bank kreditlari ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham asos bo‘lmoqda. Jumladan, 2021 yil davomida kichik biznes sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan kreditlar o‘tgan yil shu davriga nisbatan 1 trillion 123 milliard so‘mga ortib, 2022 yil 1 yanvar holatiga 3 trillion 916 milliard so‘mni tashkil etdi, shundan 2 trillion 8 milliard so‘m aylanma mablag‘lar bilan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 1 trillion 908 milliard so‘mi investitsiya loyihalariga yo‘naltirildi.
Xususan, aholining faol qismiga o‘z biznesini tashkil etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ajratilgan mikrokreditlar miqdori 228,5 milliard so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yil shu davrga nisbatan 1,3 barobarga oshdi. Natijada, ajratilgan kreditlar hisobiga yil boshidan 1 ming 176 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2021 yilda tadbirkorlik sub’ektlarini kreditlash bo‘yicha 3 ming 846 ta mijozga 4,8 trillion so‘m kredit ajratildi.
Yana bir muhim yo‘nalish, Prezidentimizning 2021 yil 11 yanvar va 1 fevral kunlari taqdimot qilingan jami 105,4 mln. AQSH dollari bo‘lgan 9 ta loyihalar to‘liq moliyalashtirildi va ishga tushirilishi ta’minlandi.
Chakana xizmatlar yo‘nalishida ham o‘tgan yilda qator yangi loyihalar amalga oshirildi. Erishilgan natijalar esa, mijozlarga yanada qulaylik yaratish va ularga sifatli bank xizmatlarini taklif etish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qildi. Xususan, bank xizmatlari ko‘rsatish markazlari 56 taga, chakana amaliyotlar kassalari 81 taga, valyuta ayriboshlash shoxobchalari 96 taga, 24/7 xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar 80 taga, xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchalari 77 taga yetkazildi.
Ya’ni, 2021 yilda yangidan 26 ta bank xizmatlari ko‘rsatish markazi, 30 ta valyuta ayriboshlash shoxobchalari, 15 ta xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchalari, 15 ta 24/7 xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar, 2 ta ipoteka markazi tashkil qilindi.
Bank filiallari tomonidan muddatli mikroqarz, iste’mol va yashil iste’mol, avtokredit, ta’lim krediti, intend va ipoteka kreditlari bo‘yicha jami 431,1 milliard so‘mlik kreditlar ajratilgan. Bank mijozlariga ko‘rsatilayotgan onlayn xizmatlar sifatini oshirish maqsadida mobil ilovalar yangilandi. Natijada ulardan foydalanuvchilar soni 179 ming 800 taga yetdi. E’tiborlisi, yil davomida ular soni 86 ming 800 taga ko‘paydi.
Mobil ilovalar orqali o‘tkazilgan mablag‘lar hajmi jami 743,2 milliard so‘mni tashkil qildi. 2021 yil 1 aprel sanasidan boshlab, “Contast” markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi va markaz 24/7 rejimida ishlay boshladi. 2021 yil aprel-dekabr oylarida markazga murojaatlar soni 52 mingtani tashkil qildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, bank transformatsiyasi doirasida sinov tariqasida bankning 4 ta filiali tanlab olinib, ularda elektron navbat orqali xizmat olish, amaliyot va kutish zallari alohida tashkil qilindi, Wi-fi zonalari, bolalar maydonchalari tashkil etildi.
– Bankni transformatsiya qilish doirasida “Osiyo taraqqiyot banki” va Xalqaro konsalting kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, – deydi ATB “Qishloq qurilish bank” departament boshlig‘i Farrux Eshnazarov –Jumladan, xalqaro konsalting kompaniyasi bilan Bankning 2020-2025 yillardagi rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi, bankning tashkiliy tuzilmasi qayta ko‘rib chiqildi va bankda Loyiha ofisi tashkil etildi. Aholi va tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida, raqamli va masofaviy bank xizmatlarining yangi turlari yaratilmoqda.
Xususan, bank tomonidan aholiga mo‘ljallangan modulli kreditlash joriy qilindi. Ipoteka krediti mavjud mijozlar qo‘shimcha hujjatlarsiz yangi kredit olish imkoniyati yaratildi va 1,9 trillion so‘mlik modulli kreditlar ajratildi. Ayni paytda ham bankda transformatsiya jarayonlari faol davom ettirilmoqda. Shu o‘rinda aytish joiz, 2021 yilda “Yangi tartib” doirasida respublika tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 4,8 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, shundan 1,4 trillion so‘mi ATB “Qishloq qurilish bank” xissasiga to‘g‘ri keladi.
Yana bir ma’lumot. O‘tgan yilda ATB “Qishloq qurilish bank” tomonidan jismoniy shaxslarga jami 2 trillion 530 milliardmiqdorda kredit ajratilgan bo‘lib, mazkur kreditning 75 foizi onlayn rejimda ajratilgan. Bank tomonidan hozirgi kunda tijorat kreditlari 28 foizdan ajratilayapti. Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi oshgani bilan uy-joy, ta’lim krediti, ipoteka kreditlari foiz stavkasi oshmaydi.
Matbuot anjumanida mutasaddilar ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA