Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq maktablariga kitob va zamonaviy kompyuterlar topshirildi
17:35 / 2025-09-25

Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi 4- va 43-umumta’lim maktablariga “Ziyoli kelajak” ijtimoiy loyihasi doirasida kitoblar hamda zamonaviy kompyuterlar topshirildi.

Yuksalish” harakati hamda “ATTO” AJ kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu yirik ijtimoiy tashabbus maktablardagi o‘quv sharoitlarini yaxshilash, ta’lim jarayonini samarali va zamonaviy asosda tashkil etish, ta’lim tizimida yangi qiyofani shakllantirish hamda o‘quvchilarning iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishiga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Tadbirda maktab jamoalariga o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat 24 nomdagi 150 dan ortiq kitob hamda bir nechta zamonaviy kompyuterlar topshirildi.

– Kichik, o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan kitoblar ularning bilim, dunyoqarash va tafakkurini boyitishga yordam beradi, – deydi “Yuksalish” harakati Andijon viloyati bo‘linmasi rahbari Diyorbek Turg‘unov. – Umuman, kitob va kompyuter yoshlarning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun eng zarur vositadir. Ishonamanki, biz taqdim etgan kitob va kompyuterlar ularning muvaffaqiyatlariga xizmat qiladi. 

Ushbu sovg‘adan maktablar pedagoglari, o‘quvchilari behad mamnun bo‘lib, o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi.

– Berilgan kitoblar, kompyuterlar biz uchun katta sovg‘a bo‘ldi, – deydi Shahrixon tumanidagi 43-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dilnoza Azimova. – Qiziqarli kitoblarni o‘qib, kompyuterlardan foydalanish orqali zamonaviy axborot texnologiyalari borasidagi bilimlarimizni yanada kengaytiramiz.   

“Ziyoli kelajak” loyihasi davlat va xususiy tuzilmalar, fuqarolik jamiyati hamda ko‘ngillilarni birlashtirib, mamlakatimizda ta’lim tizimining yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu tashabbus doimiy ravishda davom ettirilib, yurtimizning turli hududlaridagi maktablarda ta’lim sifati va bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi.

Ma’lumot o‘rnida: loyihaning dastlabki bosqichi Qashqadaryo viloyati Qarshi, Nishon, Andijon viloyati Shahrixon va Toshkent viloyati Piskent tumanlaridagi bir qator maktablarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari