Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasida ekologik va ijtimoiy talab-tartiblar
18:26 / 2022-07-19

Soʻnggi paytlarda butun dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqarish samaradorligiga tobora koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Bunda esa loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlarida ekologik standartlar va qoidalarga rioya qilish muhim oʻrinni egallaydi.

Ushbu standartlarni amalda qoʻllashda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasida qanday qoida va tartiblar amalga oshiriladi?

Ushbu savol bilan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhining Atrof-muhit muhofazasi boʻyicha mutaxassisi Ilhom ROʻZIYEVga yuzlandik.

– Ilhom aka, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining maqsadi va vazifalariga toʻxtalib oʻtsangiz. Ushbu loyiha doirasida olis qishloqlarda qanday ishlar amalga oshiriladi?

– Loyiha Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamda Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan moliyalashtirilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi tuman markazlaridan chetda joylashgan qishloqlardagi aholi uchun munosib sharoit yaratishdir. Bunda quyidagi loyihalar amalga oshiriladi: maktab va bogʻchalarni qurish va rekonstruksiya qilish, ichki yoʻllarni taʼmirlash, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, elektr energiya taʼminoti va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlar.

– Maʼlumki, loyiha amaliyotga tatbiq etilishi jarayonida atrof-muhit va ijtimoiy muhofazasini taʼminlash yuzasidan nafaqat milliy qonunchilik, balki Jahon bankining standartlariga ham amal qiladi. Aytingchi, Oʻzbekiston Respublikasidagi ekologiya masalalari bilan bogʻliq normativ hujjatlar va Jahon bankining protokollarida aks ettirilgan standartlar qanday farqlanadi?

– Oʻzbekiston Respublikasida eng koʻp qonun va qarorlar aynan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi boʻyicha ishlab chiqilgan va qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga asosan obyektlarning atrof-muhitga taʼsiri va faoliyat turiga qarab 4 toifaga boʻlinadi, yaʼni 1 – toifa (yuqori darajadagi xavfli), 2-toifa (oʻrta darajadagi xavfli), 3-toifa (past darajadagi xavfli) va 4-toifa (mahalliy taʼsir koʻrsatish). Loyiha doirasida faqat 2-4 toifadagi obyektlar amalga oshiriladi. Tanlangan subloyihalar uchun Atrof-muhitga taʼsiri toʻgʻrisidagi ariza loyihasi ishlab chiqiladi va davlat ekologik ekspertizasiga topshiriladi.

Jahon bankining 4.01 Amaliy siyosati ekologik baholashga asosan mazkur loyiha uchun “Atrof-muhit va ijtimoiy muhofaza choralarini boshqarishning asosiy modeli” (Environmental and Social Management Framework) va Koʻchirish harakatlari rejasining asosiy modeli (Ressetlement Plan Framework) qoʻllanmasi ishlab chiqilib, u Jahon banki tomonidan tasdiqlangandir.

Jahon bankining ekologik baholash boʻyicha obyektlarning atrof-muhitga taʼsiri faoliyat turi va joylashgan joyiga qarab 4 toifaga boʻlinadi, yaʼni “A” – toifa (sezilarli salbiy taʼsir), “V” – toifa (mumkin boʻlgan salbiy taʼsirlar), “S”– toifa (minimal yoki hech qanday salbiy taʼsir boʻlmagan) va «FI» – toifa (bank mablagʻlarini investitsiya qilish). Loyiha doirasida faqat “A” – toifadagi obyektlar moliyalashtirilmaydi. Tanlangan subloyihalar uchun Atrof-muhit va ijtimoiy boshqaruv rejasi hujjati ishlab chiqiladi va loyiha toifasiga qarab Jahon banki tomonidan maʼqullanadi.

– “Atrof-muhit va ijtimoiy muhofaza choralarini boshqarishning asosiy modeli” (Environmental and Social Management Framework) va Koʻchirish harakatlari rejasi (Ressetlement Plan Framework) oʻz ichiga qanday tamoyillarni oladi?

– Mazkur hujjatlar asosan loyiha oldi, qurilish jarayonlari va faoliyatga topshirilgandan keyingi faoliyatida ekologik va ijtimoiy muhofaza qilish choralarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun qoʻllanma hisoblanadi. Asosan loyihaning iqtisodiy barqarorligini taʼminlash va moliyaviy xavflarni kamaytirish, atrof-muhit va inson salomatligi hamda farovonligiga salbiy taʼsirlarning oldini olish va kamaytirishdan iborat.

– Loyihani amalga oshirishda aholining ijtimoiy muhofazasi qanday taʼminlanadi?

– Avvalo, ushbu loyiha Oʻzbekistondagi ilk (qaldirgʻoch) ijtimoiy loyiha ekanligini taʼkidlab oʻtib, subloyihalarni aniqlash va amalga oshirish jarayonlarida aholining faol ishtirokiga yoʻl ochilganligi, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari alohida tamoyil sifatida olinganligi muhim ahamiyat kasb etib, aholiga yanada yaqinroq boʻlish va ularni yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarini eshitib, hamkorlikda ularni bartaraf qilishga imkoniyat yaratadi.

Bundan tashqari, loyihadan jabrlangan shaxslar boʻlgan taqdirda ularni qoʻllab-quvvatlash uchun alohida koʻrsatmalar iborat qoʻllanma ham ishlab chiqilgan. Har qanday ijtimoiy xavf sodir boʻlishini yumshatish choralariga alohida eʼtibor qaratilgan. Har bir loyiha doirasidagi tanlangan qishloqlarda aholi murojaatlari uchun maxsus qutilar ham oʻrnatilgan. Shu oʻrinda qoʻshimcha sifatida aytib oʻtishim zarurki, loyihani oʻzida alohida shikoyatlarni koʻrib chiqish mexanizmi faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

– Loyiha doirasidagi jarayonlarni ekologik – ijtimoiy baholash bosqichlari va qanday hujjatlar ishlab chiqilishi haqida gapirib bera olasizmi?

– Jahon bankining 4.01 Amaliy siyosatiga asosan har bir subloyihani ekologik va ijtimoiy baholash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1) atrof-muhit va ijtimoiy mutaxassislar koʻmagida aholi tomonidan Ekologik skrining (nazorat), yaʼni tanlangan subloyiha atrofi va hajmi toʻliq oʻrganib chiqilib maxsus 1-shakl toʻldiriladi;

2) atrof-muhit va ijtimoiy muhofaza mutaxassisi subloyihaning atrof-muhit, inson salomatligi va ularning mol-mulkiga taʼsirini oʻrganib subloyihaning toifasini va ishlab chiqilishi zarur hujjatni (Ekologik va ijtimoiy boshqaruv rejasi) aniqlab beradi va loyihachi tashkilotga maʼlum qiladi;

3) loyihachi tashkiloti tomonidan hujjat ishlab chiqiladi va Jahon banki tomonidan maʼqullanadi, keyinchalik pudratchi tashkilotning tender hujjatlariga ilova qilinadi. Pudratchi tashkilot qurilish ishlarini toʻliq amal qilgan holda ish yuritadi;

4) tayyor hujjat aholiga oshkor qilish va ularning taklif-fikrlarini oʻrganish maqsadida Jamoa muhokamasiga taqdim qilinadi;

5) qurilish ishlari jamoatchilik, atrof-muhit va ijtimoiy muhofaza mutaxassisi va davlat organlari tomonidan nazorat qilib boriladi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, loyiha doirasidagi faoliyatda ekologik xavf-xatarlarni oldini olishda loyihadan oldingi va loyiha davridagi hujjatlarini tayyorlash bosqichiga katta eʼtibor qaratiladi. Aminmizki, ushbu jarayon mamlakatimizdagi boʻlib oʻtayotgan infratuzilmaviy oʻzgarishlarda ekologik adaptatsiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA

Loyiha mutaxassisi

Diyora GʻULOMOVA

suhbatlashdi.

OʻzA