Qo‘rg‘ontepa tumanida "Ayollar bandligini taminlash va sog‘lomlashtirish markazi" ish boshladi.
Mahalla aholisi, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan ochilish tadbirida mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etish, turmush sharoitlari va salomatligini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2022 yil 21 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tumandagi “Norbo‘ta” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan “Ayollar bandligini ta’minlash va sog‘lomlashtirish markazi” ham ana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning bir namunasidir.

– Markaz tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi hamda tadbirkorlar sa’y-harakati bilan tashkil etildi, – deydi Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zilolaxon Rahmonova. – Markazda mahalla ayollari, qizlarning sport bilan shug‘ullanishi, salomatligini tiklashi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Barcha qulaylik va zarur sharoitlarga ega markaz barpo etilganligidan mahalla xotin-qizlari behad mamnun bo‘lmoqda.

F. UBAYDULLAEV, O‘zA