Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq ayollariga ehtirom
15:04 / 2022-10-15

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Millatlar do‘stligi” madaniyat saroyida 15 oktyabr – xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Toshkent viloyati hokimligi va hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan tadbirda hududdagi 146 ta qishloqdan 500 nafar faol ayollar, turli mehnat jabhalarida samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar qatnashdi. Shu yerning o‘zida ayollarning qo‘l mehnati bilan tayyorlangan zargarlik buyumlari, turli andozadagi liboslar, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.  

Tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, barcha ayollarni ayyom bilan tabrikladi. Qishloq ayollari kundalik yumushlar bilan bir qatorda, mamlakatimizning ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etayotganini alohida ta’kidladi.  

Qayd etilganidek, hozir Toshkent viloyatda 1 million 488 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning 75,3 foizi qishloqlarda yashaydi. Xususan, hududdagi 6 ming 553 ta fermer xo‘jaliklari rahbarlarning 139 nafari ayollardir. Davlatimiz tomonidan qishloq ayolini jamiyat hayotidagi ijtimoiy faol shaxslar qatoriga qo‘shish uchun har bir mahallada “Xotin-qizlar faoli” lavozimi joriy etildi. O‘tgan qisqa davr ichida qishloq joylaridagi 25 ming nafar ishsiz xotin-qizlarning 17,3 ming nafari doimiy ishga qabul qilindi. Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun birgina joriy yilning 9 oyida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 59 ming 989 nafar xotin-qizga amaliy yordam ko‘rsatildi.  

Jumladan, 19 ming 336 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, 1415 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitildi, 2 ming nafardan ortiq tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan ishsiz xotin-qizlar imtiyozli kredit berish orqali kichik biznesga jalb etildi. Shu bilan birga, 252 nafar ishsiz xotin-qizlarga tomorqasidan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko‘maklashildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.  

Bayram tadbirida mehmonlar uchun elimiz ardog‘idagi san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.  

A.Musayev,O‘zA