15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2007 yilda qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan ayollarning muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish, ularning ahvoli, turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida maxsus rezolyutsiya qabul qilinib, unga ko‘ra, 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni, deb belgilandi.
Ana shundan buyon ushbu sana dunyoning ko‘plab mamlakatlari, xususan, mamlakatimizda ham nishonlanib kelinadi. Ushbu kun munosabati bilan qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda mamlakatimiz aholisining, xususan, xotin-qizlarning salmoqli qismi qishloq hududlarida yashaydi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq ayollarining og‘irini yengil qilish, muammolarini hal etish, turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani, ayniqsa, biz – qishloq ayollarini behad quvontiradi.

Qishloqdan yetishib chiqqan olima sifatida aytishim mumkinki, qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar samarasi o‘laroq, qishloqlarda yashab, mehnat qilayotgan opa-singillarimizning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi, turli sohalar rivojidagi ishtiroki, faolligi yildan-yilga ortib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, birgina Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan turli darajadagi rahbar, tadbirkor va olima ayollarning ko‘pchiligini qishloqlarda tug‘ilib o‘sgan opa-singillarimiz tashkil etadi.
Buni o‘zimning hayotim va faoliyatim misolida ham bemalol aytishim mumkin. Men Baliqchi tumanining chekka Qumtepa mahallasida tug‘ilib o‘sganman. Tumandagi 43-o‘rta maktabni tamomlagach, bir muddat maktabda laborant bo‘lib ishladim. So‘ng Andijon qishloq xo‘jalik institutiga o‘qishga kirib, 1995 yilda institutni imtiyozli diplom bilan tugatdim. Mehnat faoliyatimni o‘zim tahsil olgan institutda O‘simliklarni himoya qilish kafedrasida assistent sifatida boshlaganman.
Shundan so‘ng, Agrokimyo, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish, O‘simliklar himoyasi va karantini kafedralarida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida pedagogik faoliyatimni ilmiy-tadqiqot ishlari bilan birga olib bordim. 2002 yilda qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan bo‘lsam, 2016 yilda “Qishloq xo‘jalik ekinlari zararli organizmlarining bioekologiyasini o‘rganish va ularga qarshi uyg‘unlashgan himoya tizimini takomillashtirish” mavzusidagi ilmiy ishim bilan fan doktori unvonini oldim.
Ilmiy-pedagogik faoliyatim davomida mamlakatimiz hamda ko‘plab xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlar, seminarlarda faol ishtirok etdim. Ilmiy faoliyatim xalqaro miqyosda e’tirofini topdi. Masalan, Koreya Respublikasida bo‘lib o‘tgan, dunyodagi 40 dan ziyod mamlakatning to‘rt yuzdan ortiq olima, ixtirochi va tadbirkor xotin-qizlari qatnashgan “KIWIE-2023” ko‘rgazmasida mening dolzarb mavzulardagi innovatsion loyiha va ixtirolarim yuksak baholanib, oltin medal bilan taqdirlandim. O‘tgan yili esa olib borayotgan ilmiy-pedagogik faoliyati uchun Prezidentimiz farmoni bilan II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandim.
Bugungi kunda men Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti ilmiy kengashining a’zosi, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi imtihon komissiyasi raisi, Andijon viloyati “Ixtirochi ayollar” uyushmasi raisi sifatida ham samarali faoliyat yuritib kelaman.
Qayerda, qanday vazifada ishlamay, yuksak minbaru davralarda bo‘lmay, eng avvalo, ko‘z oldimga meni shunday yuksak darajaga yetkazgan ona qishlog‘im, kamtargina onajonim, sodda qishloq odamlari keladi. Qalbimda bir umrga muhrlanib qolgan ularning samimiy, mehrli nigohlari namoyon bo‘ladi. Men ulardan bir umr minnatdorman.
Bugun qishloqlarimiz infratuzilmasi to‘la yangilanmoqda, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Keng, ravon yo‘llar barpo etilib, ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr ta’minoti yaxshilanmoqda. Obod, ko‘rkam qishloqlarimiz shaharlar bilan bo‘ylashmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun yurtimizda qishloq ayollari har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ko‘rsatilayotgan e’tibor ularni yuqori marralar sari yetaklamoqda. Qaysi bir qishloq ayoli yoki qishloqdan kelib talaba bo‘lgan qiz bilan suhbatlashmay, ular amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlardan mamnun ekanliklarini ko‘raman. Ularning yuz-ko‘zida nur, ertangi kunga ishonch balqib turibdi.
Maxpuzaxon Yusupova,
Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
O‘zA