Andijon viloyati Izboskan tumanida xalqaro loyiha doirasida maxsus o‘quv kurslarini tamomlagan, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan 14 nafar xotin-qizlarga asbob-uskuna va jihozlar topshirildi.
O‘zbekiston hamda AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” dasturi doirasida yurtimizning turli hududlaridagi xotin-qizlar tadbirkorlik hamda turli yo‘nalishlarda kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
Loyiha davomida ming nafarga yaqin xotin-qiz bog‘dorchilik, asalarichilik, ipakchilik, quyonchilik, parrandachilik, shuningdek, milliy hunarmandchilik, mehmonxona xizmatlari, qandolatchilik, pazandachilik, tikuvchilik, sartaroshlik, buxgalteriya hisobi, kompyuter savodxonligi yo‘nalishlarida kasbiy ko‘nikmalarga o‘qitildi. Mazkur xalqaro loyiha qishloq ayollariga qayd etilgan yo‘nalishlarda ish yuritish ko‘nikmalarini puxta o‘rganish, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, loyihalarini moliyalashtirish imkonini bermoqda.

Ushbu loyiha doirasida “Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi hamda viloyatlardagi qator nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan maxsus o‘quv kurslarni tamomlagan 274 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun turli uskuna, jihoz va kredit olishiga hamda ishga joylashishlariga ko‘maklashildi. Bundan tashqari, 226 nafar xotin-qiz issiqxona, sutni qayta ishlash, parrandachilik, gilamdo‘zlik, tikuvchilik, kashtachilik, qandolatchilik kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritishi uchun USAID tomonidan ajratilgan asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi.
– Bir necha bosqichda amalga oshirilgan ushbu loyiha doirasida Izboskan tumanida yashovchi 72 nafar ishsiz qiz-ayol turli kasblarga o‘qitildi, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘limi rahbari Nargiza Mirzaalimova. – Ular o‘zlari o‘rgangan, o‘qigan kasb-hunarlar bo‘yicha ishga joylashib yoki o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.
Loyiha doirasidagi o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 72 nafar izboskanlik ayollarning muayyan kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lgan 14 nafariga tikuvchilik, qandolatchilik, sartaroshlik, parrandachilik va issiqxona yo‘nalishlari bo‘yicha zarur asbob-uskuna va jihozlar taqdim etildi. Bu ularning o‘z yo‘nalishlarida samarali ish olib borishlariga yordam beradi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA