English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq ayollari doimo e’tibor va e’zozda
09:24 / 2022-10-14

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2007 yilda qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan ayollarning muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish, ularning ahvoli, turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida maxsus rezolyutsiya qabul qilinib, unga ko‘ra 15 oktyabr – xalqaro qishloq ayollari kuni deb belgilangan. Mazkur sana mamlakatimizda keng nishonlanayotgan bo‘lib, ularga bayram kayfiyati ulashilmoqda.

Farg‘ona viloyatining qishloqlarida ham xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar hamda madaniy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda. 

–“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil jarayonida xalqaro qishloq ayollari kunining nishonlanishi qishloqlarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarga chinakam ehtirom ifodasidir, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi Pardaxol Norqobilova.–Farg‘onada ham bayram tadbirlari yuqori saviyada tashkil etilayotgan bo‘lib, har bir qishloq ayoliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Taniqli san’atkorlar, shoir va yozuvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari mahallalarga borib, uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Shifokorlar xotin-qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, zarur maslahatlar bermoqda. Muhim jihati, pillakor, tomorqachi, fermer, hunarmand ayollar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan qishloqlardagi ehtiyojmand xotin-qizlar munosib rag‘batlantirilmoqda. 

O‘zbekiston tumanidagi Oxta Tagob mahallasidagi “Karimjon Ergashev” fermer xo‘jaligi dala shiyponidagi bayram tadbiri ham fayzli onlarga boy bo‘ldi. Tadbirda so‘z olgan mutasaddilar ayollarimiz, munis onaxonlarimiz har qancha e’tibor va e’zozga munosibligi, davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoit va imkoniyatlar tufayli qishloq ayollari ham barcha jabhalarda faollik ko‘rsatayotganini ta’kidlab, sana munosabati bilan barchaga iliq va samimiy tilaklar bildirdi.

Qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va boshqa sohalarda ibrat namunalarini ko‘rsatib kelayotgan opa-singillarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari va ziyo ulashuvchi kitoblar sovg‘a qilindi. Bir piyola choy ustidagi shirin diydor va dildan suhbatlar, xushovoz xonandalar ijrosidagi diltortar kuy-qo‘shiqlarga hamohang raqslarga ulandi.

M.Sulaymonov,
O‘zA