Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq ayoli 230 nafar o‘g‘il-qizga xorijiy tillarni o‘rgatmoqda (+video)
13:46 / 2023-10-15

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi olis Sarmish mahallasida yashovchi Xurshida Egamberdiyevani taqdir qattiq sinovlardan o‘tkazdi. 8 yil muqaddam turmush o‘rtog‘i vafot etgach, uch nafar yosh farzandi bilan yolg‘iz qoldi.

Turmush qiyinchiliklarini matonat bilan yengib o‘tgan Xurshida Egamberdiyeva bugungi kunda hayotning ravon yo‘liga tushib oldi. Endilikda u mahallasida tashkil etgan o‘quv markaziga rahbarlik qilmoqda. Uni bu darajaga yetkazgan, avvalo, o‘zidagi maqsad sari qat’iyatlilik va albatta, ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib  Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasida faol ishtirok etgani bo‘ldi.

Xurshida Egamberdiyeva ayni loyiha tufayli ingliz tili bo‘yicha bilimini mukammallashtirib, boshqalarga ham o‘rgatish layoqatiga ega bo‘ldi. Natijada o‘z mahallasidagi bolalar uchun o‘quv markazi tashkil etdi. Tashabbusi ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi.

– Dastlabki intilishlarimiz, natijalarimiz yaxshi-yu lekin o‘quv sharoitimiz oddiy, uni yaxshilashga hali moliyaviy jihatdan qurbimiz yetmay turgan edi,– deydi Xurshida Egamberdiyeva. – Faoliyatimizdan xabar topgan Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev yaqinda xonadonimizga kelib, faoliyatimiz va sharoitlarimiz bilan yaqindan tanishib ketgandi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, viloyat hokimligining ko‘magi bilan xonadonimizdagi qurilishi yakunlanmagan yordamchi binomiz mukammal ta’mirlanib, o‘quv markaziga aylantirildi.Yoshlar ishlari agentligi ushbu dargohni zarur o‘quv jihozlari bilan ta’minladi.

Kuni kecha yangi ta’mirdan chiqqan o‘quv markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uning ochilishida viloyat hokimi ham ishtirok etdi.

 –Yoshlar ulg‘ayib qaysi kasbni egallamasin, chet tilidan ma’lum ko‘nikmalarga ega bo‘lishi zarur. Dizayner, servis xodimi, sotuvchi yoki kichik biznes egasi bo‘ladimi – har qanday sohada ko‘p tilni bilish uning yuqori professional mutaxassis bo‘lish borasidagi maqsadlariga erishishida muhim o‘rin tutadi. Xurshidaning tashabbusi shu hududdagi yoshlarning ayni maqsadlariga yetishiga, ya’ni ingliz va boshqa tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi,–dedi Akmaljon Mahmudaliyev.  

Viloyat  hokimligi  o‘quv markazi binosini qurib bergan bo‘lsa,  Yoshlar ishlari agentligi uni kompyuter jamlamalaridan tortib, televizorlaru pardasigacha to‘kis-tugal jihozlab berdi. Natijada avval 40 ga yaqin bolaga ingliz tili o‘rgatilgan bo‘lsa, endi zamonaviy o‘quv markaziga aylantirilgan maskandagi darslarda 230 nafar o‘quvchi ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

E’tiborlisi, bu yerda ingliz tilidan tashqari nemis va koreys tili, shuningdek, IT bo‘yicha o‘quv kurslari ham tashkil qilindi. Turli sinfdagi o‘quvchilar qatorida markazda maktabgacha yoshdagi bolalar ham o‘qitilayotgani tahsinga loyiq.

E’tirof etish lozimki, Xurshida Egamberdiyeva o‘z farzandlarining chuqur bilim olishi uchun oilasida o‘rnatgan tartibi ham ibratli. Uning aytishicha, oilasida o‘qilgan kitoblarning hisobi yuritilar ekan. Ushbu ro‘yxatga har bir kitobdan kerakli iqtiboslarni, ma’lumotlarni ham ilova qilib yozib borishar ekan. Oila a’zolarining bugungacha o‘qigan adabiyotlari soni 2000 tadan oshibdi.  

Bu oila kitobxonlar tanlovlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xurshida Egamberdiyevaning “Farzandlarim uchun” deya nomlangan daftarlarida esa bolalarining bilimi va dunyoqarashini oshirishga xizmat qiladigan minglab ma’lumotlar bor.

Hozirgacha u to‘ldirgan bunday daftarlar soni 80 ta. Yana bir muhim jihat, oila a’zolarining qat’iy kun tartibi bo‘lib, aniq reja tuzib boriladi. Albatta, ushbu rejaning asosiy bandlari o‘qish-o‘rganish bilan bog‘liq vazifalardan iborat.

<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/Ng8xEQJ10sI" title="Қишлоқ аёли 230 нафар ўғил-қизга  хорижий тилларни ўргатмоқда" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Ayni paytda Xurshida Egamberdiyevaning xonadonida ochilgan zamonaviy o‘quv markazida ham  ana shunday namunali ish rejasi asosida mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri