Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq aholisi uchun tibbiy ko‘rik
07:02 / 2022-06-01

Buxoro viloyati 4-sektor tashabbusi bilan joylarda, ayniqsa, chekka-chekka hududlarda aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etilmoqda.

Bu galgi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik Vobkent tumani “Quruvchi” mahalla fuqarolari yig‘inida o‘tkazildi. Bunda malakali endokrinolog, nevropatolog, revmatologlar, tibbiyot mutaxassislari fuqarolarni birma-bir tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Tibbiy ko‘rikka tashrif buyuruvchilar shu yerning o‘zida UZD va EKG uskunasi orqali tekshiruvlardan ham o‘tkazildi. Ko‘rik jarayonlariga kelolmay qolgan, uyda shifokorlar tavsiyasi bilan davolanayotgan bemorlarning xonadonlariga borildi. Kasallar holidan xabar olindi.

Mahallaning “Bunyodkor” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Ismat Qodirov va uning ayoli yurak xurujini boshdan kechirib bir necha oydan buyon shifokorlar nazoratida uyda davolanmoqda. Tibbiy ko‘rik jarayonida malakali tibbiyot mutaxassislari uning xonadonida bo‘ldi. Ismat Qodirov va uning ayolini yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazdi. Kerakli maslahat va tavsiyalar berildi.

– Televideniye orqali “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” shiori ostida tibbiy ko‘rik va ommaviy informatsion-profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotganining guvohi bo‘lib turgan edik, – deydi tumanning “Bunyodkor” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Ismat Qodirov. – Lekin uyimizga kelib tibbiy ko‘rik o‘tkazishlariga ikkilanib yurgandim. Tibbiyot xodimlariga rahmat kelib meni, oilamni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. O‘zlarining tavsiyalarini berishdi.

Ta’kidlash lozim mahallalarda o‘tkazilayotgan bu kabi tibbiy ko‘riklardan ko‘zlangan asosiy maqsad, kasallikni erta aniqlash va uni bartaraf etish choralarini ko‘rishdir. Qorovulbozor tumani “Cho‘lquvar” mahalla fuqarolari yig‘inida ham ana shunday tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Tuman 4-sektor hududida istiqomat qiluvchi “Yoshlar”, “Ayollar” hamda “Temir” daftarlarga kiritilgan fuqarolar uchun mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etildi. Qorovulbozor tumani ko‘p tarmoqli tuman tibbiyot birlashmasining malakali shifokorlari tomonidan o‘tkazilgan ko‘rikda fuqarolarga kerakli tavsiya va maslahatlar berildi. Tibbiy ko‘rikka kelolmagan nogironligi bo‘lgan xonadonlarga uyma-uy kirilib, kerakli muolajalar qilindi.

Zarif Komilov,

O‘zA muxbiri