Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2017-yilda qishloq joylarda zamonaviy arzon uylar qurish uchun 2 trillion 121,5 milliard so‘m yo‘naltiriladi
18:55 / 2016-12-21

Birinchi Prezidentimizning qarorlari asosida 2009-2016-yillarda O‘zbekistonda uy-joy, ijtimoiy va kommunal obyektlar, kommunikatsiyalarni barpo etish borasida aniq maqsadli ishlar bajarildi.

Birinchi Prezidentimizning qarorlari asosida 2009-2016-yillarda O‘zbekistonda uy-joy, ijtimoiy va kommunal obyektlar, kommunikatsiyalarni barpo etish borasida aniq maqsadli ishlar bajarildi. Natijada qishloq joylardagi 1 ming 308 turar joy massivida 69 ming 557 shinam uy-joy qurildi. Qishloqlardagi 83,5 mingdan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu yo‘nalishdagi keng ko‘lamli islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Unga ko‘ra, qishloq aholisining zamonaviy va arzon uylarga bo‘lgan ehtiyojlari asosida imtiyozli kredit berishning yuqori darajadagi shartlari joriy etilmoqda. Energiyani tejaydigan materiallar va asbob-uskunalarning yangi turlaridan foydalanishning yanada kengaytirilishi barpo etilayotgan uylarning tannarxi pasayishiga hamda aholining barcha qatlamlari uchun maqbul narxlar belgilanishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "Qishloq qurilish bank" tomonidan o‘tkazilgan "Mustaqillik obidalari: namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish borasida erishilgan natijalar, tajriba, amaliyot va muammolar" mavzuidagi matbuot anjumanida shular xususida so‘z yuritildi.

Unda qishloq joylarda mavjud namunaviy loyihalarga qo‘shimcha ravishda xo‘jalik imoratlari va obod hovlilari bo‘lgan ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali, aholi zich joylashgan tumanlarda hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,02 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 2-3 xonali, hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,04 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali arzon uylarning yangi namunalari qurilishi boshlangani ma’lum qilindi.

– Yangi dastur bo‘yicha birinchi va ikkinchi turdagi yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli uylarni quruvchilar uchun boshlang‘ich badal 15 foizni tashkil etadi, – deydi "Qishloq qurilish bank"ning boshqarma boshlig‘i Dilshod Hasanov. – Ularni moliyalashtirishga 2017-yilda 2 trillion 121,5 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Uy-joylarning birinchi turi bo‘yicha uch yoki to‘rt yo‘lakli ikki va uch qavatli ko‘p kvartirali uylarda ikki xonali kvartiralarning qiymati 72-85 million so‘m bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Uch xonali kvartiralarning qiymati 88,5-100,7 million so‘m atrofida bo‘ladi.

Uy-joylarning ikkinchi turiga muvofiq aholi zich joylashgan tumanlardagi bir qavatli ikki va uch xonali arzon uylarning qiymati 93,8-101,5 million, uch xonali uylarning narxi 111,0-118,7 million so‘m bo‘lishi mo‘ljallanmoqda. Uy-joylarning uchinchi turida yagona blokka birlashtirilgan ikki qavatli to‘rt xonali uylar quriladi. Ularning qiymati 162,0-181,8 million so‘mni tashkil etadi.

Ko‘rsatib o‘tilgan ko‘p kvartirali uylarni qurishda kvartiralar egalarining ehtiyojlarini qondirish maqsadida hovlida bolalar maydonchalari, dam olish uchun ayvonlar, dush va boshqalar barpo etish nazarda tutiladi. Qishloq joylarda arzon uy-joylarni qurishda talabgorlarni tanlab olish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni dastlabki tanlash bo‘yicha tizimning ochiqligi va ishonchliligi tamoyilidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.