Uchqo‘rg‘on tumanida yangilangan namunaviy loyihadagi uylar o‘z egalariga topshirildi
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Qayqi qishlog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida barpo etilgan dastlabki uy-joylar foydalanishga topshirildi.
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Qayqi qishlog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida barpo etilgan dastlabki uy-joylar foydalanishga topshirildi.Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2009-yil 3-avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan zamonaviy uy-joylar qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirib, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. O‘tgan yillarda Namangan viloyatidagi 97 massivda 4 ming 927 uy-joy qurilib foydalanishga topshirildi.
Qayqi qishlog‘ining Farovon mahallasida yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilgan arzon uy-joylarni foydalanishga topshirish marosimida bu alohida ta’kidlandi.
– Prezidentimiz qarori asosida qisqa vaqt ichida qishlog‘imizda shunday ko‘rkam va zamonaviy daha paydo bo‘lishini tasavvur ham qilmagan edik, – deydi mehnat faxriysi Mamatxon Abbosov. – Bunday shinam va arzon uy-joylar ayniqsa, yosh oilalar uchun juda qulay bo‘lib, oilalar mustahkamligi va farovonligiga xizmat qiladi.
"Qishloq qurilish bank” Namangan viloyati filialining 1 milliard 800 million so‘m kredit mablag‘i evaziga “Gumbaz madad quruvchi fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan ikki sotixli, uch xonali 10 uy-joyning kaliti yosh oilalarga topshirildi.
– To‘rt o‘g‘il, bir qizim bor, – deydi Qo‘g‘ay qishlog‘ida yashovchi Inoyat Xolmirzayeva. – Uch kelinim bilan bir hovlida yashar edik. Prezidentimizning yosh oilalar uchun arzon narxlarda uy-joylar qurib berishga doir qarori biz kabi katta oilalar uchun katta imkoniyat yaratdi. Ikki o‘g‘limga yangi qurilgan uylardan oldik. Ularning narxi va to‘lov sharti bizga juda ma’qul bo‘ldi. Bunday g‘amxo‘rliklar uchun barcha onalar nomidan davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman.
Qishloqda ikki qavatli, to‘rt yo‘lak va 16 xonadonli uylar ham foydalanishga topshirildi. 2017-yilda Namangan viloyatida yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha 400 ta ikki va uch qavatli uylar, ikki, to‘rt va olti sotixli 3-4 xonali 784 arzon uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.