Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq ahliga begʻaraz yordam
18:26 / 2020-04-25

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan bugungi sinovli kunlarda aholiga yaqindan koʻmak berishga qaratilgan koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.


Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan bugungi sinovli kunlarda aholiga yaqindan koʻmak berishga qaratilgan koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda kombinat tashabbusi bilan 50 ta suv chiqarish moslamasini Karmana tumanida yashovchi kam taʼminlangan oilalar xonadonlariga oʻrnatib berish ishlari olib borilmoqda.

Bahorning ilk kunlari ekin ekish va uni parvarishlash uchun gʻanimat dam. Astoydil harakat qilinsa, 5-6 sotix tomorqani oilaning qoʻshimcha daromad manbaiga aylantirish mumkin. Ayniqsa, qishloq aholisi buni amalda isbotlamoqda. Ular tomorqa madaniyatiga eʼtibor berib, oilasini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlayapti. Havo harorati tobora isib borayotgan shu kunlarda aholi tomorqalaridagi ekinlar obi-hayotga ehtiyoj sezmoqda. Nihollarni obi-tobida sugʻorish dehqonchilikning muhim talabidir. 

Buni bilgan aholining koʻpchiligi allaqachon tomorqalarini sugʻorish imkoniyatini yaratib olgan. Ammo ular orasida bunday imkoniyatlarga ega boʻlmagan yurtdoshlarimiz ham yoʻq emas. Bunday ehtiyojni inobatga olgan kombinat maʼmuriyati tomonidan Navoiy mashinasozlik zavodida suv chiqarish moslamasini tayyorlab, aholiga yetkazib berishga qaror qilindi. Ayni paytda korxona mutaxassislari suv muammosi dolzarb boʻlgan mahallalar ahliga ushbu moslamani oʻrnatib bermoqda.

– Kombinat maʼmuriyati mahallamiz uchun suv chiqarish moslamasini oʻrnatib berishga kelgani bizga cheksiz quvonch ulashdi. Ayni paytda aholi xonadonlariga oʻrnatilgan moslamalardan otilib chiqayotgan obi-hayot ekinlarga rivoj bagʻishlayapti, — deydi “Argʻun” mahalla fuqarolar yigʻinida raisi Ilhom Rajabov.

Bunday xayrli ishda Navoiy mashinasozlik zavodi, Uy-joy kommunal boshqarmasi, Geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi kabi boʻlinmalarning mutaxassislari ishtirok etayotir. Jumladan, “Argʻun” mahalla fuqarolar yigʻinidan Shukur Suvonov, Gulnor Temirova, Avaz Neʼmatov, Qobil Nurillayev, Soyib Zokirov, “Doʻrmon” mahalla fuqarolar yigʻinidan Sherali Islomov, Jasur Turobov va boshqa fuqarolarning xonadonlariga kombinat tomonidan suv chiqarish moslamasi oʻrnatib berildi. Aholi bundan nihoyatda xursand.

Abdumajid JOʻRAYEV,
NKMK bosh direktorining matbuot kotibi.