Qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari uchun qariyb 1,5 million chipta sotilishi rejalashtirilgan
Avval xabar berganimizdek, 2026 yilning 6-22 fevral kunlari Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida XXV Qishki Olimpiya o‘yinlari, shuningdek, 5-15 mart kunlari XIV Qishki Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Ayni vaqtda musobaqalar boshlanishiga 100 kun qolganiga qaramay, tadbirga qiziqish juda yuqori. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, 850 mingdan ziyod chiptalar allaqachon sotib bo‘lingan. Bu esa dastlabki prognozlardan ancha yuqori natija hisoblanadi, deya xabar bermoqda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi bosh direktori Andrea Varne. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Italiyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari uchun jami 1,4 million chipta sotish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida: 2026 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlarida 16 ta sport turi bo‘yicha 116 ta medal jamg‘armasi o‘ynaladi. O‘zbekiston sportchilari hozircha mazkur musobaqa uchun 2 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA